Sog‘lom oila – jamiyat tayanchi
Kogon tumanidagi “Sorg‘un” mahalla fuqarolar yig‘inida oila ma’naviyati, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan “Sog‘lom oila – jamiyat tayanchi” mavzusida faol ibratli xonadon bekalari o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan ayollar ilm-zakovati, epchil pazandaligi, tibbiyot sohasiga oid bilimlari yuzasidan baholandi.
Har bir ishtirokchi chiqishida oilasi, yashayotgan hududi, amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida taqdimot qildi. Shuningdek, uy bekalari oltin kuz ne’matlaridan oqilona foydalangan holda turli xil salatlar tayyorlashdi.
Xonadon bekalari shoshilinch vaziyatda tez tibbiy yordam kelguniga qadar birinchi yordam ko‘rsatish, bolani parvarishlashda amaliy tavsiyalar, arterial qon bosimi oshganda yordam ko‘rsatish, tana harorati ko‘tarilganda tibbiy yordamga oid savollarga javob berib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon qildi. Ishtirokchilar oila a’zolari ishtirokida badiiy chiqish tayyorlab, o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
[gallery-13957]
Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra, Parakti qishlog‘ida yashovchi Maftuna Murodova birinchi, Katta org‘un qishlog‘idagi 10-MTT tarbiyachisi Dilafro‘z Husenova ikkinchi, shu hududda o‘quvchilar ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasi uchun mas’ul bo‘lgan maktab direktori o‘rinbosari Nozima Vohidova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Tanlovda “Eng bilimdon kelin”, “Eng epchil kelin” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar ham aniqlandi.
G‘oliblar tanlov tashkilotchilari tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari