Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam
Shu kunlarda barcha hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri – “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni Navoiy shahridagi markaziy istirohat bog‘ida o‘tkazildi.


Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng joriy qilish, ayniqsa, yoshlarni sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida o‘tkazilgan piyoda yurish aksiyasida nuroniylar, harbiy xizmatchilar, yoshlar “Nuroniylar maskani”dan “Yoshlik ko‘li” bo‘ylab 5000 qadam yurish salomatlik marafonida faol ishtirok etdi.


– Yurtimizda aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasining viloyat bo‘limi raisi Shabon Nabiyev. – Bugungi tadbirda ham o‘z sog‘ligiga, jismoniy tarbiya va sportga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. Marafon ishtirokchilari orasida biz kabi mehnat faxriylari, keksalar va nuroniylarning ko‘pligini ko‘rib sog‘lom turmush tarzi yosh tanlamasligini yana bir bor his qildik.


Shifokorlarning ta’kidlashicha, jismoniy faollik, jumladan, piyoda yurish turli xil kasalliklarga immunitet hosil qilishda eng foydali sport turlaridan biridir. Shuningdek, piyoda yurish bo‘g‘imlardagi og‘riqni kamaytiradi, harakatchanlikni oshiradi, ularni o‘rab turgan mushaklarni kuchaytiradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri