“So‘g‘diyona”ni maydonga yangi bosh murabbiy boshlab chiqdi
Kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi 25-turidan o‘rin olgan 7 ta bahs bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda “So‘g‘diyona”ni Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga qarshi bosh murabbiy sifatida Yorqin Nazarov boshlab chiqdi. Mamlakat chempionati yakuniga yetishiga 2 tur qolganida yana bir jamoada bosh murabbiy o‘zgardi.
“So‘g‘diyona” jamoasini 4 yil davomida boshqarib kelayotgan Ulug‘bek Baqoyev klubni tark etdi. Yorqin Nazarov bosh murabbiy sifatida mavsumni yakunlab qo‘yadigan bo‘ldi.

Bu iste’fo “So‘g‘diyona”ning so‘nggi paytlardagi qoniqarsiz natijalari tufayli amalga oshirilgan bo‘lsa ajab emas. Jizzaxliklar jamoasini superligada qolish uchun kurash olib borib yurgan jamoadan chempionlik uchun bahslashadigan klubga aylanishida Ulug‘bek Baqoyevning hissasi katta ekanini alohida ta’kidlash joiz.
2019 yilgi mamlakat chempionatining boshlanishi “So‘g‘diyona” uchun o‘ta omadsiz keldi. Klub qator muvaffaqiyatsizlardan so‘ng turnir jadvalida so‘nggi o‘ringa tushib ketdi. Shundan so‘ng, klub rahbariyati bosh murabbiy Sergey Lushanni iste’foga chiqarib, jamoa boshqaruviga Ulug‘bek Baqoyevni olib keldi. O‘sha 2019 yilgi mavsumni so‘ngi o‘rindan boshlagan “So‘g‘diyona” chempionatni 4-o‘rin bilan yakunladi.

2020 yilda “So‘g‘diyona” – jamoa sifatida shakllanishni boshladi va butun mavsum davomida ko‘plab grandlarga bosh og‘rig‘i bo‘ldi. 2021 yilgi mavsumda esa “So‘g‘diyona”ning o‘zi grand jamoalar qatoriga qo‘shildi. Mavsum so‘ngigacha Qarshining “Nasaf” va Olmaliqning AGMK singari yetakchi jamoalari bilan 2-o‘rin uchun kurashdi va yakunda chempionatimizning “kumush” medallari bilan taqdirlanib, vitse-chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Ulug‘bek Baqoyev bosh murabbiyligida “So‘g‘diyona” joriy yilgi chempionatni ham omadli boshladi. Klub superligada peshqadamlar orasida, kubokda fovaridlardan biri, AFK kubogi musobaqasida esa yarim finalgacha mag‘lub bo‘lmay kelayotgan edi. Biroq Malayziya jamoasiga qarshi bahsdan so‘ng, “So‘g‘diyona” O‘zbekiston kubogidan ham chiqib ketdi. Chempionatidagi o‘yinlari ham qovushmay, jamoa mag‘lubiyat va duranglar ko‘chasidan chiqmay qoldi.

O‘rtamiyonadan ham past “So‘g‘diyona” klubini Ulug‘bek Baqoyev unchalik katta bo‘lmagan mablag‘ evaziga va yulduz futbolchilarsiz O‘zbekistonning eng kuchli jamoalaridan biriga aylantira oldi. Buning uchun jizzaxlik muxlislar Ulug‘bek Baqoyevdan minnatdor bo‘lishlari lozim.
Uning o‘rniga bosh murabbiy bo‘lgan Yorqin Nazarov 1-bahsni superligada jon saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan kurash olib borayotgan “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazdi.

Ushbu bahs “So‘g‘diyona” uchun juda omadsiz boshlandi. O‘yinning 2-daqiqasidayoq “Lokomotiv”ning xorijlik legioneri Jerom Etame jizzaxliklar darvozasini ishg‘ol etib, hisobni ochdi – 0:1. Oradan 5 daqiqa o‘tar-o‘tmay, “So‘g‘diyona” to‘p urari Shoxruz Norxonov o‘rtadagi farqni yo‘qqa chiqardi – 1:1.

Bellashuvning 21-daqiqasida jizzaxliklar sardori va eng yosh futbolchisi Jasur Hasanov ajoyib zarbasi bilan toshkentliklar darvozaboni Abdumavlon Abdujalilov darvozasini ishg‘ol etib, hisobni 2:1 ga yetkazdi.
Jamoalar tanaffusga chiqib ketishlariga 5 daqiqa qolganida “Lokomotiv” futbolchisi Jaloliddin Jumaboyev o‘rtadagi hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi – 2:2.

2-bo‘limda jamoalar harchand urinishmasin, boshqa gol kirita olmadi. Shunday qilib, “So‘g‘diyona” – “Lokomotiv” yakuniy hisob 2:2.
“So‘g‘diyona”ning yangi tayinlangan bosh murabbiyi Yorqin Nazarov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.
– Chiroyli o‘yin bo‘ldi. “Lokomotiv” jamoasi xuddi yaralangan sher kabi maydonda borlarini berib o‘ynadi. Jamoamiz futbolchilari yil davomida uchta frontda kurash olib bordi. OFK kubogi va O‘zbekiston kubogida yarim finalga yetib bordi, chempionatda ham oxirigacha kurashdi. Shu bois yigitlar charchab qolgani sezildi. bugungi durang natija o‘yinga mos bo‘ldi, – dedi Yorqin Nazarov.

25-turga qadar turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turgan Qarshining “Nasaf” jamoasi kutilmaganda o‘z maydonida Farg‘onaning “Neftchi”siga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi va chempionlik uchun bo‘lgan bahsdagi imkoniyatlarini pasaytirib yubordi.
Bundan unumli foydalangan Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Navoiyning “Qizilqum”ini yirik 6:0 hisobida tor-mor etib, turnir jadvali karvonboshisiga aylangan bo‘lsa, Namanganning “Navbahor” klubi Bekobodda “Metallurg” ustidan kichik 1:0 hisobida zafar quchib, 2-pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
Ushbu 25-turning qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: AGMK (Olmaliq) – “Olimpik” (Toshkent) – 6:0, “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) – “Bunyodkor” (Toshkent) – 0:1, “Surxon” (Termiz) – “Dinamo” (Samarqand) – 1:4.
Superliga chempionligi va uni “Dinamo” bilan birgalikda tark etadigan 2-jamoaning nomi 12 noyabr kuni o‘tadigan so‘ngi 26-tur bahslarida ma’lum bo‘ladi.
A.QAYUMOV,
O‘zA