Sog‘lom turmush asosi
– 2014-yilda Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridagi bolalar va o‘smirlar sport maktablari mukammal ta’mirlandi, 6 umumta’lim maktabida sport zallari qurildi, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Farg‘ona viloyati filiali direktori Ma’rufjon Turdimatov.
Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun keng sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Davlatimiz rahbarining 2002-yil 24-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida”gi va 2004-yil 29-avgustdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
O‘tgan yillar davomida Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 164 bolalar sporti inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu maskanlarning zamonaviy anjomlar bilan ta’minlangani yosh sportchilarning mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak natijalarni qo‘lga kiritishiga puxta zamin yaratmoqda.
– 2014-yilda Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridagi bolalar va o‘smirlar sport maktablari mukammal ta’mirlandi, 6 umumta’lim maktabida sport zallari qurildi, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Farg‘ona viloyati filiali direktori Ma’rufjon Turdimatov. – Bunday sharoit va imkoniyatlar samarasida sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 5-mayda qabul qilingan “Bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat asosida o‘g‘il-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, bolalar sporti inshootlaridan samarali foydalanishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilayotir.
Sport nafaqat salomatlikni mustahkamlash, balki yurt dovrug‘ini jahonga tanitishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganidan buyon birgina Farg‘ona viloyatidan 77 nafar jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqqani fikrimiz isbotidir.
Albatta, bunday yuksak natijalarga erishishda murabbiylarning xizmatini alohida e’tirof etish kerak. Bugungi kunda sport inshootlarida 1 ming 800 ga yaqin murabbiy faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 306 nafari xotin-qizdir. Har bir umumta’lim maktabi respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stol tennisi jihozlari bilan ta’minlanishi natijasida umumta’lim maktablarida sportning mazkur turi bilan shug‘ullanayotgan qizlar soni 56 ming nafarga yetdi.
O‘quvchi-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Umid nihollari”, “Quvnoq startlar”, “Sog‘lomjon – Polvonjon”, “Yozgi ta’til”, “Bahor malikalari”, “Futbolimiz kelajagi”, “Bolalar ligasi” va boshqa sport musobaqalari yaxshi samara bermoqda. Ayni paytda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 64 bolalar va o‘smirlar sport maktabida yangi sport seksiyalarini tashkil etish va ularga yoshlarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sport turlari bo‘yicha tuman, shahar va viloyat birinchiligi musobaqalarini o‘tkazish muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, o‘tgan yili hamkor tashkilotlar bilan 587 ommaviy sport tadbiri o‘tkazilib, ularda 25 mingdan ziyod o‘quvchi-yosh ishtiroki ta’minlandi.
Prezidentimiz rahnamoligida izchil amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizning har tomonlama sog‘lom va durkun bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilayotir.