Sobiq davlat rahbarlari nimalar bilan band?
Hukumat boshqaruvini tark etgan turli davlat sobiq prezidentlarining ba’zilari siyosatdagi faoliyatini davom ettirayotgan bo‘lsa, ba’zilari sevimli mashg‘uloti va xayriya ishlari bilan band. Shuningdek, o‘z davrida lavozimini suiiste’mol qilganligi uchun qonun oldida javob berayotgan sobiq davlat rahbarlari ham yo‘q emas.
Quyida ba’zi davlatlarning sobiq prezidentlari nimalar bilan mashg‘ul ekanligi haqida so‘z yuritamiz.
ARMANISTON
Mustaqil Armanistonning birinchi prezidenti Levon Ter-Petrosyan 1998 yil rahbarlik faoliyati yakunlanganidan so‘ng 10 yil davomida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullandi. U Armaniston tarixini yoritgan «Armanlar va salibchilar» nomli asar muallifi hisoblanadi. Hozirda Levon Ter-Petrosyan mamlakat siyosiy boshqaruvida faol ishtirok etadi.
QIRG‘IZISTON
Mustaqil Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev 2005 yilda mamlakatdagi «Lola inqilobi» davrida zudlik bilan o‘z iste’fosini e’lon qilgan va Rossiyaga ketgan edi. Hozirgi vaqtda Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Moskva davlat universitetida o‘qituvchilik faoliyatini yuritish bilan birga Oliy iqtisodiyot maktabi tadqiqot universiteti tarkibidagi ilmiy-o‘quv laboratoriyaga rahbarlik qiladi.
2011-2017 yillarda Qirg‘iziston hukumatini boshqargan Almazbek Atambayev prezidentlik faoliyatidan so‘ng korrupsiya jinoyati bilan ayblangan. 2020 yilning noyabr oyida sobiq prezidentga nisbatan sud ishi boshlangan. Sud hukmiga ko‘ra, Almazbek Atambayev 11 yilu ikki oyga ozodlikdan mahrum qilingan.
FRANSIYA
2007-2012 yillarda Fransiya prezidenti bo‘lgan Nikolay Sarkozi korrupsiyada ayblangan sobiq davlat rahbarlaridan biri hisoblanadi. Sobiq prezident o‘z vakolatini suiiste’mol qilganlik va qonunbuzarlikda ayblanib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
LITVA
1999-2007 yillarda Litva prezidenti bo‘lgan Vike Vayra-Freyberga davlat boshqaruvidan ketgandan so‘ng, xalqaro munosabatlar, diplomatiya va ilm-fan sohasida xizmatlar taqdim etuvchi “VVF Consulting” kompaniyasiga asos soldi.
UKRAINA
2014-2019 yillarda Ukraina prezidenti bo‘lgan Petr Poroshenko davrida mamlakat ichki va tashqi siyosatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan. 2019 yildagi saylovlarda Prshenko mag‘lubiyatidan so‘ng ham siyosatni tark etmadi. Sobiq prezident “Yevropa birdamligi” partiyasini boshqardi. Hozirda sobiq prezident mamlakatdagi “Roshen” konserni, “5-telekanal” hamda “Ukrprominvest-Agro” agroholding kompaniyasi egasi hisoblanadi.
ROSSIYA
Sovet ittifoqining sobiq prezidenti Mixail Gorbachyov joriy yilda 90 yoshga to‘ldi. 30 yildan buyon mamlakat boshqaruvidan chetda bo‘lsa ham, sobiq prezident muntazam tarzda omma oldida faol chiqishlar qiladi. “Nobel” mukofoti sovrindori bo‘lgan sobiq prezident hozirda o‘zi tomonidan asos solingan xalqaro ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar jamg‘armasi (Gorbochyov jamg‘armasi)ga rahbarlik qiladi.
GRUZIYA
2013-2018 yillarda Gruziya hukumatini boshqargan Georgiy Margvelashvili prezidentlik vakolati tugagach, siyosatni tark etib, turizm sohasi bilan shug‘ullana boshladi. Tog‘li hududlarda ot sporti ishqibozlari uchun xizmat ko‘rsatadigan tashkilotga asos soldi.
AQSH
1993-2001 yillarda Oq uy rahbari bo‘lgan Bill Klinton prezidentlik lavozimini tark etganidan so‘ng yozuvchilik, maslahatchilik va lektorlik faoliyatini boshladi. “SNN” telekanali xabarida keltirilishicha, 2001-2015 yillar davomida sobiq prezidentning turmush o‘rtog‘i Hillari Klinton bilan birgalikdagi turli tadbirlarda so‘zlagan ma’ruzalari Klintonlar oilasiga 153 million dollar daromad keltirgan. Qayd etilishicha, AQSH sobiq prezidentining bitta omma oldidagi ma’ruzasi 100 – 300 ming dollar atrofida baholanadi.
Umuman olganda, AQSHda sobiq prezidentlarning omma oldidagi nutqi ma’lum miqdorda narxlanadi. Masalan, “Los Angeles Times” nashrining 2017 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha davrda sobiq prezident Barak Obamaning nutqi 400 ming dollargacha, Bill Klinton va Jorj Bushning nutqlari 700 ming dollargacha baholangan.
2001-2009 yillarda AQSH prezidenti bo‘lgan Jorj Bush-kichkina prezidentlik faoliyati tugagandan so‘ng, Texasning Dallas shahrida «Prezident kutubxonasi» va siyosiy tadqiqotlar institutini tashkil etgan. Shuningdek, Jorj Bush kichkina mamlakatda har yili o‘tkaziladigan tog‘ velosporti marafoni va golf sporti bo‘yicha “Warrior Open” turniri tashkilotchisi hisoblanadi.
2009-2017 yillarda Oq uy rahbari bo‘lgan Barak Obama prezidentlik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng, “Obama jamg‘armasi”ni tuzdi. Jamg‘arma faoliyati doirasida sobiq prezident asosan dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ma’ruzalar o‘qish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, u “Netflix” multimediya kompaniyasi rahbari hisoblanadi. Kompaniya tomonidan suratga olingan “Amerika fabrikasi” hujjatli filmi 2020 yilda “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
AQSHda prezidentlik faoliyati tugagandan so‘ng ham Oq uyning sobiq rahbarlari qanday «kun ko‘rish» haqida qayg‘urmaydi. Birinchi darajadagi davlat amaldorlari oylik maoshlariga teng keladigan nafaqa puli, harbiy gospitalda bepul davolanish, o‘zi va oilasining muhofazasi, hatto vafot etganida dafn marosimi xarajatlari ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Zuhra MIRZABOEVA tayyorladi, O‘zA