Soʻxda 111 yoshli momo yashaydi
Yana bir eʼtiborli jihati, bu yerda yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlar koʻp.
Asrlar tarixini munis quchogʻida asrab-avaylab kelayotgan purviqor togʻlar, dala dashtlar, mevazor bogʻlar, zilol chashmalar, inson ruhiyatiga orom beruvchi dilbar tabiat – Soʻxning tashrif qogʻozidir.
Soʻxliklarning keng feʼlligi, mehmondoʻstligi, samimiyligiga qoyil qolasan kishi. Mahmud Gʻaznaviylarning muborak izi, Mirzo Boburlardan qolgan xotiralar, umuman ajdodlar yodi bilan bogʻliq moziydan sado beruvchi qadrdon tuygʻularni teran his etasiz Soʻxda.
Yana bir eʼtiborli jihati, bu yerda yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlar koʻp. Ana shulardan biri Pidirgon qishlogʻida istiqomat qilib kelayotgan 111 yoshli Muharramxon momo Qosimovadir.
Momo 1909-yilda tugʻilgan. 7 nafar farzandning aziz onajoni, 51 nafar nevara va 260 nafardan ortiq evara va chevaralarning suyukli buvijonisi.
U kishi boshidan koʻp ogʻir kunlarni oʻtkazdi. Barchasini sabr va mehnat bilan yengdi.
Garchand 111 yoshni qarshilagan boʻlsada, momo hali tetik. Mahalladoshlar bilan bir yerda jam boʻlsa, farovon kunlarning shukronasidan, tinch kunlarning qadridan soʻzlaydi. U kishini duosini olish maqsadida xonadoniga tashrif buyuruvchilar ham koʻp.
– Ilohim osmonimiz musaffo, zaminimiz tinch va osuda boʻlsin –deya duoga qoʻl ochadi momo. – Bolalarimiz baxtiga dunyoda tinchlik hukmron boʻlsin, Yurtboshimizning umrlari ziyoda boʻlsin, goʻzal Soʻximiz yana-da gullab-yashnayversin. Barchalaringni umrlaring uzoq, rizqlaring ulugʻ boʻlsin.