Skaloni: «Kechiring, sizlarga yana bir kubokni olib kela olmadik»
Sizlardan faqat bitta narsani yodda saqlashingizni istayman. Bu futbolchilar guruhi — men ularni doim o‘z jangchilarim deb ataganman — oxirigacha kurashdi.
Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni 2026-yilgi jahon chempionati finalida Ispaniyaga qo‘shimcha bo‘limlarda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgach, muxlislarga murojaat yo‘lladi.
"Qayg‘u quvonch bilan, ko‘z yosh tabassum bilan, xavotir xotirjamlik bilan, hayajon esa ichki osoyishtalik bilan almashgan og‘ir haftadan so‘ng nihoyat bir necha satr yozishga kuch topdim. Ijtimoiy tarmoqlarni unchalik yoqtirmayman, ammo sizlarga fikrimni yetkazishning eng yaxshi yo‘li shu bo‘lsa kerak.
Avvalo, mendan yana bir kubok kutganingiz uchun uzr so‘rayman. Afsuski, sizlarga hayotdagi tashvishlarni hech bo‘lmasa bir necha kunga unuttiradigan yana bir quvonchni hadya eta olmadik.
Sizlardan faqat bitta narsani yodda saqlashingizni istayman. Bu futbolchilar guruhi — men ularni doim o‘z jangchilarim deb ataganman — oxirigacha kurashdi.
Mehnat, ishtiyoq, intilish, o‘ziga ishonch, taslim bo‘lmaslik, oxirigacha bor kuchini berish, og‘ir sinovlarga bardosh berish, qadr-qimmatini saqlab qolish va oyoqlar holdan toygan paytda ham tik turish… Mana shu haqiqiy sovrindir.
Murabbiylar shtabimga, futbolchilarga, Argentina futbol assotsiatsiyasi xodimlariga, jamoa uchun mehnat qilayotgan barcha insonlarga va eng muhimi, bizni doim qo‘llab-quvvatlagan siz muxlislarga cheksiz minnatdorchilik bildiraman", — deb yozdi Skaloni ijtimoiy tarmoqlarda.