“Siz kelmang – o‘zimiz boramiz”
Mazkur nomdagi loyiha doirasida Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda FHDYO organlari mudiralar kengashi vakillari navbatdagi safarga chiqdi.
Bu galgi manzil viloyatning Chiroqchi tumanidagi chekka hudud sanalgan, tuman markazidan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan Chorvador va Toshli mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Mutasaddilar hudud aholisining sohaga aloqador muammolariga yechim izladi. Aksariyat muammolar joyida hal etildi.
Xususan, Chiroqchi tumanida yashovchi Adham Kazimov va Matluba Allanazarova bir necha yildirki nikoh guvohnomasi yo‘qligi uchun turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi. Uylanmoqchi bo‘lganda sharoit og‘irligi uchun qonuniy nikohdan o‘tmaganligi bois, ikki farzandiga tug‘ilganlikni qayd etishni ham imkoni bo‘lmadi. Oradan yillar o‘tib, bolalari ulg‘ayib maktab yoshiga yetganida farzandlarining hujjatlarini to‘g‘rilashga kirishdi. U dastlab, tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga murojaat qildi. Mazkur murojaat batafsil o‘rganilib, fuqaroning farzandlariga tug‘ilganlik guvohnomasi, o‘ziga esa nikoh guvohnomasi rasmiylashtirishga kirishildi.

Mudiralar kengashi tashabbusi bilan fuqaroning xonadoniga borilib, er va xotinning nikoh guvohnomalari va 2 nafar farzandining tug‘ilganlik guvohnomalari shu joyning o‘zida taqdim etildi.
Shuningdek Chiroqchi tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan yana bir oilaning ikki nafar a’zosiga muddati o‘tgan tug‘ilganlik guvohnomasi yozib berildi. Toshli MFY da istiqomat qiluvchi Fotima va Zuhra Suyarovalar ham 13 yildan beri hujjatsiz edi. Ota-onasining befarqligi sabab vaqtida qizlarga hujjat olinmadi. Endi, Fotima va Zuhra Suyarovalar ham yurtimizda yaratilgan keng imkoniyat va qulayliklardan foydalana oladi.
Ta’kidlash lozimki, sohada “Siz kelmang – o‘zimiz boramiz”, “Siz qayerda bo‘lsangiz biz o‘sha yerga borib, xizmat qilamiz”, “O‘zimiz keldik” kabi sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yangi-yangi loyihalarni hayotga joriy etilayotgani aholiga qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratmoqda. Eng muhimi, sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish orqali aholining qimmatli vaqti, mablag‘i tejalmoqda, ishi oson bitayotir.
O‘lmas Barotov, O‘zA.