«Siz kelmang, o‘zimiz boramiz!»
Mazkur loyiha doirasida tashkil etilayotgan sayyor davlat xizmatlari hamda sayyor qabullar fuqarolarning uzog‘ini yaqin qilish barobarida, ularning huquqiy ongini oshirish hamda sohadagi yangiliklar bilan yaqindan tanishtirish imkonini bermoqda.
Ana shunday tadbirlarning navbatdagi manzili Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Sho‘rak» hamda «Yangiqo‘rg‘oncha» mahallalari bo‘ldi.

Kattaqo‘rg‘on tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan fuqarolarning davlat xizmatlari bilan bog‘liq muammolari, mavjud masalalari o‘rganildi hamda talab va ehtiyojga qarab shu joyning o‘zida sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Jumladan, 12 nafar fuqaro kadastr pasportini shakllantirish, 26 nafar fuqaro farzandini bog‘chaga joylashtirish, 8 nafar fuqaro ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, 6 nafar fuqaro pensiya miqdori hamda shu singari boshqa xizmatlardan o‘z qishlog‘idan chiqmagan holda foydalandi.

— Davlat xizmatchilarining bu tarzda qishlog‘imizga kelib xizmat ko‘rsatishi men kabi onalarga juda katta yordam bo‘ldi, — deydi M.Isaqova. — Ro‘zg‘or ishlaridan ortib, 2016 yilda tug‘ilgan o‘g‘limni bog‘chaga joylashtirish borasida tuman markazidagi Davlat xizmatlari markaziga borishga hech vaqt topolmayotgandim. Ularning o‘zlari kelishdi, men kabi ko‘plab qishloqdoshlarim shundan foydalanib, muammolarimizni hal qilib oldik.
Bundan tashqari, 58 nafar ushbu mahallalarda yashovchi aholiga Davlat xizmatlari va FHDYO sohasiga oid masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.

Joylarda ushbu yo‘nalishdagi sayyor tadbirlar davom etmoqda.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati
Marhabo Madaminova, O‘zA