"Sirli olam"
Ikki quruqlik o‘rtasidagi chegarani yaqqol belgilash mumkin, ammo suvlikda-chi?
Yer kurrasida shunday nuqtalar borki, u yerda ikki suv havzasi hech bir to‘siqsiz uchrashadi, ammo suvlari aralashib ketmaydi. Buning sabablari esa turlicha bo‘lishi mumkin. Bugun dengiz va daryolar o‘rtasidagi ko‘rinmas chegaralar haqida gaplashamiz.
Yer yuzida shunday bir manzara borki, uni birinchi bor ko‘rgan odam ko‘zlariga ishonmaydi. Go‘yo tabiat ikki xil rangli dengizni yonma-yon qo‘yib, ularning orasiga ko‘z ilg‘amas devor o‘rnatgandek. Bu sirli hodisa Daniya shimolidagi Skagen sohilida, Boltiq dengizi bilan Shimoliy dengiz tutashgan joyda kuzatiladi. Osmondan qaraganda bu yerda suvlar go‘yo chizilgan chiziq bilan ajralgandek ko‘rinadi: bir tomoni och moviy, ikkinchisi to‘q ko‘k. Eng ajablanarlisi — ular aralashmaydi.
Bu g‘aroyib holatning sababi suvlarning tabiiy farqidadir. Boltiq dengizi chuchukroq bo‘lib, unga ko‘plab daryolar quyiladi, Shimoliy dengiz esa Atlantika okeanidan kelayotgan tuzli suvlar bilan to‘la. Natijada ularning sho‘rlik darajasi va zichligi turlicha bo‘ladi. Shu farq tufayli suvlar bir-birini “begona” deb biladi — ular yonma-yon oqadi, lekin birlashmaydi.
Tabiat mo‘’jizasining yana bir qiziq jihati shundaki, ushbu ikki xil rangdagi suvning faqat zichligi emas, hatto harorati va oqish tezligi ham bir biridan farq qiladi. Masalan, Dunyodagi eng sersuv daryo Amazonkaning ikki o‘zani – Riu-Negru va Solimoyns Braziliyadan 6 km nariroqda to‘qnashadi, 4 km.gacha bo‘lgan masofada birga oqsa-da, aralashib ketmaydi.
Ikki o‘zanning oqish tezligi va harorati turlicha bo‘lgani bois ularning ko‘rinishi ham farqlanadi. Solimnoys o‘zani och rangda, 4-6 km/soat tezlikda harakatlanadi, harorati 22 Selsiy daraja. Riu-Negruning rangi to‘q va xira, 2 km/soat tezlikda harakatlanadi, suvining harorati 28 daraja atrofida.
AQSHning Yuta shtati, Kanonlends parkida Grin va Kolorado daryolari birlashadi. Grinning yashil suvlari va Koloradoning qizg‘ish to‘lqinlari orasidagi farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Suv oqimlari turli tog‘ jinslarini yuvib kelgani uchun ham shunday tusga kirgan.
Dunyoning boshqa joylarida ham shunga o‘xshash hodisalar uchraydi. Masalan, Alyaska qo‘ltig‘ida muzliklardan kelayotgan chuchuk suv va okean sho‘r suvi to‘qnashadi. U yerdagi suvlar ham ikki xil rangda — biri loyqa och rangda, ikkinchisi chuqur ko‘k. Ular bir-biriga yaqin oqadi, lekin go‘yo ko‘rinmas chegara ularni ajratib turadi. Qadim zamon dengizchilari bunday joylarni “ikki olam kesishgan chegara” deb atashgan va u yerdan o‘tishni yomon alomat deb bilishgan.
Ilm buni fizik qonunlar bilan izohlaydi, ammo tabiatning bu hodisasi hali ham insonni hayratga soladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/mnDYlGZcVIc?si=Pey9qTar7pDnvHJk" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA