"Sirli mijoz" tadbiri: dorilar narxi 6 barobargacha oshirilgan
Raqobat qo‘mitasining «sirli mijoz» tadbirlari davomida ayrim dorixonalarda dori vositalari belgilangan narxdan 6 barobargacha qimmat sotilayotgani aniqlandi.
Tekshiruvlar davomida ba’zi dorixonalarda ruxsat etilgan ustama me’yoriga amal qilinmagani, ayrim dorilar esa belgilangan narxidan bir necha barobar yuqori bahoda taklif etilgani ma’lum bo‘ldi. Eng yuqori holatlardan biri — 66 ming so‘mdan sal ortiq narxda sotilishi kerak bo‘lgan dori vositasining 395 ming so‘mdan taklif etilganidir.
Jumladan, “SHUNQORLAR” MCHJga qarashli dorixonada “POLIMIK®” dori vositasining ruxsat etilgan narxi 12 ming 837 so‘m bo‘lgani holda, u 70 ming so‘mdan taklif etilgan. Ya’ni dori qariyb 5,5 barobar qimmat baholangan.

Shu dorixonada “KONVULEKS®” dori vositasi ham belgilangan narxdan keskin yuqori — 395 ming so‘mdan taklif etilgan. Uning ruxsat etilgan narxi esa 66 ming 481 so‘m.
“MUNO FARM” MCHJga qarashli dorixonada ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan. “STIMULOTON” dori vositasining ruxsat etilgan narxi 50 ming 666 so‘m bo‘lsa, xaridorga 295 ming so‘mdan taklif qilingan.
“CITY FARM” MCHJga qarashli dorixonalarda “BAKTAMED” dori vositasi 18 ming 849 so‘mlik ruxsat etilgan narx o‘rniga 63 ming so‘mdan sotilgan. Bu qariyb 3,3 barobar yuqori narx.
“HOSIL FARM” MCHJga qarashli dorixonada esa “Lantus SOLOSTAR” dori vositasiga ruxsat etilgan 20 foiz ustama o‘rniga 80 foiz ustama qo‘yilgan va dori 190 ming so‘mdan sotilgan. “SLIDERON” dori vositasi esa 115 ming 677 so‘mlik ruxsat etilgan narx o‘rniga 349 ming so‘mdan sotilgan.
Bundan tashqari, “AMIR FARM TRADE”, “FERUZA NUR MED”, “LEADER PHARMGROUP”, “PHARM S GOLDEN” va “RUSLAN BUYUK FARM”ga qarashli dorixonalarda ham dori vositalarini belgilangan narxdan yuqori bahoda sotish holatlari aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Litsenziya talablari bo‘yicha masalani qayta ko‘rib chiqish uchun vakolatli organlarga so‘rovlar yuborildi.
Raqobat qo‘mitasi esa dorixonalarda dori vositalari narxlarining belgilangan tartibga muvofiqligini nazorat qilish maqsadida «sirli mijoz» tadbirlarini davom ettirishini ma’lum qildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA