“Sirli koinot”da maroqli hordiq
FOTOREPORTAJ
Yozgi ta’til – bolalar olami uchun bebaho tuhfa. Bu – quvonchga to‘la, sermazmun va unutilmas onlar fasli. Ayniqsa, oromgohlarda hordiq chiqarib, yangi do‘stlar orttirish, qiziqarli tadbirlarda qatnashish va o‘z iste’dodini kashf etish imkoniyati har bir bolaning orzusi. Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi “Sirli koinot” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi orzular ushaladigan ana shunday ajoyib maskanlardan.
Joriy mavsumda bu dargoh 2180 nafar bolajon uchun quchoq ochdi. Bu yerda o‘g‘il-qizlar nafaqat hordiq chiqarmoqda, balki bilim va mahorat oshirmoqda, tarbiyaviy saboq olib, yangi do‘stlar orttirmoqda.
Oromgoh hayoti maxsus ishlab chiqilgan 12 kunlik dastur asosida tashkil etilgan bo‘lib, har bir kun alohida mavzuga bag‘ishlangan. Shu mavzuga mos ravishda tadbirlar, suhbatlar, tanlovlar, o‘yinlar va mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Har bir kun bolalar uchun yangi taassurotlar va foydali bilimlarga boy bo‘lmoqda.
[gallery-24536]
Shuningdek, “Millatlar do‘stligi” kuni, “Sport va sog‘lom turmush tarzi” kuni kabi mavzularda turli tadbirlar tashkil etish an’anaga aylangan. Har bir tadbirda bolajonlar faol ishtirok etib, o‘z fikrlarini erkin bildirish, iste’dodini namoyon etish va sahnada chiqish qilish imkoniyatiga ega.
Oromgohda “Media klubi”, “Mohir qo‘llar”, “Kubik-rubik”, “Qum bilan ishlash”, “Karaoke”, “LEGO”, “Ingliz tili” kabi klublar bolalarning qiziqishlariga mos ravishda tashkil etilgan. Bu klublarda bolalar o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha ijod qilish, fikrlash va yangiliklarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, bu yerda sportga ham alohida e’tibor qaratilgan. Har kuni ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari, guruhlar o‘rtasida futbol, voleybol, stol tennisi, badminton, shaxmat va shashka bo‘yicha qizg‘in bellashuvlar o‘tkazilmoqda. “Quvnoq startlar” o‘yinlarida esa bolajonlarning g‘ayrat va shijoati namoyon bo‘lmoqda.
Dasturdagi eng qiziqarli va unutilmas kunlardan biri bu – “Turizm va o‘lkashunoslik kuni”dir. Ushbu kunda bolalar oromgoh hududiga yaqin joydagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va qadimiy yodgorliklarga tashrif buyuradi. Sayohat davomida bolajonlar tarixiy maskanlar bilan yaqindan tanishib, o‘z yurtining boy o‘tmishi haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Bunday ekskursiyalar orqali bolalarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va tarixga qiziqish ortadi. Sayohatlar yakunida bolajonlar o‘rtasida viktorinalar, savol-javoblar o‘tkazilib, eng faol ishtirokchilar rag‘batlantiriladi.
Oromgohda bolajonlarning sog‘lom ovqatlanishiga alohida e’tibor qaratilgan. Maxsus sanitariya talablariga to‘liq javob beruvchi zamonaviy oshxonada har kuni 5 mahal ovqatlanish tashkil etilgan. Ertalabki nonushta, tushlik, kechki ovqatdan tashqari, bolalarga oraliq sog‘lom tamaddilar – meva, sharbat, sutli mahsulotlar beriladi.
Jamshid NORQOBILOV(surat),O‘zA