Sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Robaxon Mahmudova Sirdaryo viloyati Guliston shahrida saylovchilar bilan uchrashdi.
Tadbirda partiya faollari, deputatlar, mehnat faxriylari, faol xotin-qizlar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi raisi Jamol Komilov ochib, yig‘ilganlarni yurtimizda kechayotgan saylovoldi tadbirlarining kelgusida yurtimiz ravnaqi va fuqarolarimiz farovonligini ta’minlashdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.

Shuningdek, tadbir davomida partiyadan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning ishonchli vakili Inomjon Qudratov yig‘ilganlarga nomzod haqida batafsil ma’lumot berdi. So‘ngra “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Mahmudova saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.

Dasturda ilgari surilayotgan g‘oya va maqsadlar O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga har jihatdan hamohang bo‘lib, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, adolat tamoyillarini barqaror ta’minlashni nazarda tutadi. Xususan, nomzod dasturida inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyatning eng yuksak qadriyatlari ekanligi tan olinib, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, aholining yuqori turmush darajasiga ega rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga erishish kabi vazifa va maqsadlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, dasturda xotin-qizlarning jamiyat siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, ularning yanada chuqur bilim va kasb mahoratiga ega bo‘lishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, yuksak intellektual salohiyatga ega bo‘lgan ayollarni davlat boshqaruvi organlarining barcha sohalari va bo‘g‘inlariga jalb qilish, oilalarda teng huquqli va adolatli munosabatni, ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sog‘lomlashtirishning samarali mexanizmlarini yaratishga oid takliflar ilgari surilayotganligi qayd etildi.

Prezidentlikka nomzod tadbir yakunida uchrashuv qatnashchilarining savollariga javob berar ekan, kutilayotgan saylov Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea ekanini ta’kidladi. Uchrashuv davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Djanibekova, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati Salohiddin Elmurodov va Dilfuza Umerova, Xalq deputatlari Mirzaobod tumani kengashi deputati Dildora Xaliqova Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning saylovoldi dasturi xalqchil, yurtparvar g‘oya va maqsadlar jamlanmasi ekanligini e’tirof etdi. Yig‘ilganlarni Robaxon Maxmudovaga ovoz berishga chaqirdi.
Qizg‘in savol-javobga boy bo‘lgan uchrashuv so‘nggida tadbir ishtirokchilari yurt ravnaqi, fuqarolar farovonligini ta’minlovchi muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etishlarini bildirdi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri.