Sirdaryolik “Eng faol bloger”lar taqdirlandi
Guliston shahrida joriy yilda Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan “Eng faol bloger” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat Adliya boshqarmasi va uning quyi tuman, shaharlar tizimi vakillari, viloyatda faoliyat yuritayotgan blogerlar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

bugungi globallashuv davrida mavjud illatlarni ro‘yi-rost ifodalash, muammolarga xolisona yondashish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari hamda mamlakatimiz ravnaqi uchun xizmat qiluvchi blogerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davr talabidir.
“Eng faol bloger” tanlovida ishtirok etish istagini bildirgan viloyatda istiqomat qiluvchi 8 nafar nomzoddan jami 500 ga yaqin ijodiy ishlar qabul qilindi. Tanlovga taqdim etilgan materiallar hakamlar hay’ati tomonidan qonuniylik, ob’ektivlik, ma’rifiylik, ishonchlilik, faktlarni tekshirish, yolg‘on ma’lumotlarning yo‘qligi, materiallarning tahliliy va izchil taqdim etilishi, taklif va tavsiyalar mavjudligi, auditoriyasidagi fuqarolik pozitsiyasi kabi mezonlarga muvofiq baholandi.

– Ushbu tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolar o‘rtasida qonunga bo‘ysunishni targ‘ib qilish, ushbu sohadagi mavjud muammolarga qarshi kurashda blogerlar va jamoatchilikning ta’sir kuchidan oqilona foydalanishdan iborat, – deydi viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Jamshidxon Nuritdinov.
Tadbirda so‘z erkinligi – demokratik jamiyatning asosiy ustunlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlanib, so‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalari mazmun-mohiyatidagi yangiliklar, ayniqsa, nodavlat internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatidagi faollik yaqqol ko‘zga tashlanayotgani va bunda blogerlarning ham hissasi borligi xususida so‘z bordi.

– Ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot olish va tarqatish jarayoni har qachongidan-da tezkor, o‘z navbatida dolzarb sanalganligi bois ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchisi sifatida har bir jurnalist, bloger qonun normalarini bilib qo‘yishi lozim, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim muharriri, “Eng faol bloger” tanlovi hakamlar hay’ati a’zosi Xolida Pardaboyeva. – Olingan faktlarni e’lon qilishda ularning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rish, aholi ishonchini suiste’mol qilishdan ehtiyot bo‘lish maqsadga muvofiq.

Hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra, Muzaffar Umarov “Eng faol bloger” tanlovining g‘olibi, deb topildi. Viloyatda blogerlik faoliyatini olib borayotgan Husan Isoqulov hamda G‘ulom Primov 2 va 3-o‘rinlarni egalladi.
Tanlovda Anvar Tuychiyev “Islohotlar jarayonini yoritishdagi eng faol bloger”, Baxtigul Xidiraliyeva “Aholi murojaatlari bilan eng ko‘p ishlagan bloger”, Islom Aribjanov “Tezkor axborot tarqatuvchi bloger” nominatsiyalari g‘olibi bo‘ldi.

G‘olib, sovrindor turli nominatsiya sohiblari viloyat Adliya boshqarmasining diplom, statuetka va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov,
O‘zA