Sirdaryoda “World Aquatics Day” suv sporti festivali o‘tkazildi
Guliston shahridagi viloyat suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining suzish havzasida bo‘lib o‘tgan festival haqiqiy sport bayramiga aylandi. Unda yosh sportchilar, murabbiylar, sport faxriylari, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Bu esa viloyatda suv sportiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Festival davomida suzish bo‘yicha mahorat chiqishlari namoyish etildi. Yosh sportchilarning chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, suv polosi bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotlarda mazkur sport turining o‘ziga xos jihatlari hamda zamonaviy tayyorgarlik usullari namoyon qilindi. Bu kabi amaliy chiqishlar yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularni yuqori natijalarga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-30249]
Tadbir doirasida suzish bo‘yicha viloyat hokimi kubogi musobaqasi g‘oliblari ham taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan sportchilar Prezident olimpiadasining respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Respublika bosqichiga yo‘llanma olganlar orasida Diyora Xo‘jakeldiyeva, Ruxshona Yusupova, Maftuna Abdurazzaqova, Rohilya Zoitova, Mohichehra Ibrohimova, Angelina Baranova, Muslima Rasulova, Aleksandr Mxoyan, Kamron Ziyarov, Abdulaaziz Abduvaliyev, Temur Muzaffarov, Nurmuhammad Abdumannonov, Madadbek Muhammadiyev va Marat Shakirov bor.
Parasuzish yo‘nalishida esa Ruslan Hazratqulov, Navro‘z Tojimirzayev hamda Husnora Sa’dullayeva sovrinli o‘rinlarni egallab, Prezident olimpiadasining respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.
Festival yakunida g‘olib va sovrindorlarga diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA