Sirdaryoda “Kitobxonlik haftaligi” davom etmoqda
Guliston shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” qizg‘in davom etmoqda.
Tadbirda viloyat hokimligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limlari rahbar va xodimlari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, o‘quvchi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
“Kitobxonlik haftaligi” Guliston san’at kollejining “Damli cholg‘u asboblari orkestri” jamoasining musiqiy chiqishi bilan boshlandi.
Tadbirda Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, kitobxonlikning yoshlar tarbiyasi va jamiyatimizda tutgan o‘rni to‘g‘risida ma’lumot berildi.
[gallery-1931]
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining bir guruh o‘quvchilari jahon va o‘zbek adabiyoti namoyandalarining she’rlarini yoddan, ifodali qilib o‘qib bergani yig‘ilganlarning diqqat e’tiborida bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyorlari ijrosidagi sahna ko‘rinishlari esa “Kitobxonlik haftaligi” tadbiriga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan Sirdaryo viloyat tuman va shahar axborot-kutubxona markazlariga sovg‘a qilingan 219 nusxadagi kitob hamda viloyat axborot-kutubxona markazining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati tomonidan tayyorlangan “QR-kod orqali elektron kitoblar majmui” nomli broshyuralari hududlardagi axborot-kutubxona markazlari mutaxassislariga tantanali ravishda topshirildi.
“O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” Sirdaryo viloyatida davom etmoqda.
A.Qayumov,
F.Toshmatov, O‘zA