Sirdaryoda huquqiy axborot kuni
Sirdaryo viloyatida Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan aholining huquqiy muammolari o‘rganildi.
Yuridik texnikumida o‘tkazilgan “Huquqiy axborot kuni” tadbirida shu haqida so‘z bordi. Tadbirda dastlab nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash hamda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lida nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni muhim ekanligi yuzma-yuz muloqotlarda alohida ta’kidlandi.

Tadbir doirasida “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida iqtidorli nogironlar tomonidan ishlab chiqarilgan, tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. “Yagona oilada” shiori ostida Milliy madaniy markazlar tomonidan namoyish etilgan milliy taomlar ko‘rgazmasi va badiiy chiqishlar xalqimizga xos bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni o‘zida ifoda etdi.

Sayyor qabulda esa aholining muammolari o‘rganildi. Aholiga tegishli huquqiy maslahatlar berildi. 119 ta murojaatlardan 24 tasi joyida o‘z yechimini topdi, 48 tasiga huquqiy tushuntirish berildi va o‘rganish muddat talab qiladigan 47 ta murojaat nazoratga olindi. Shuningdek, fuqarolarga 50 ga yaqin sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruh tomonidan Sirdaryo tumanida tashkil etilgan tadbir ochiq muloqot formatida bo‘ldi.


Tuman hokimi B. Mirzaqulov, Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Shayjigitov ishtirok etgan tadbirda yoshlarning kundalik hayotida uchrayotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yoshlarning murojaati yuzasidan zarur tavsiya va huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sh. Suyarov, O‘zA