Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyati ma’muriy sudining sudyasi S.Rustamov rahbarligida Yangiyer shahrida faoliyat yuritayotgan korxona, muassasa va tashkilotlarning yuridik xizmati bo‘limlarining yurist va yuriskonsultantlari bilan ma’muriy idoralar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va mansabdor shaxslarning qarorlari, harakat (va yoki harakatsizligi) yuzasidan ko‘rilayotgan ma’muriy ishlar bo‘yicha amaliyotda yuzaga keladigan muammolar mavzusida o‘quv-seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda o‘tgan 2020 yil davomida shahardagi ma’muriy organlar, ya’ni davlat korxona, muassasa va tashkilotlarning ba’zi qarorlari qonun doirasida emas, deb topilganligi hamda ular mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilganligi to‘g‘risida statistik ko‘rsatkichlar aniq misollar bilan bayon etildi.
Shuningdek, ba’zi sud qarorlarining haqiqiy emas, deb topilishiga asosiy sabab korxona, muassasa va tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qarorlarning ko‘plari amaldagi qonunlarga va Yer kodeksining 24, 36 va 38-moddalariga rioya qilinmaganligi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, Yangiyer shahrida faoliyat yuritayotgan korxona, muassasa va tashkilotlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonuniga, Yer kodeksi va boshqa qonun hujjatlarga rioya qilingan holda chiqarish lozimligi borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi xususida maslahat va tavsiyalar berildi.
***
Sardoba tumanidagi Otayurt mahalla fuqarolar yig‘inidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida shug‘ullanayotgan bir guruh yoshlar sportning aralash jang turi bo‘yicha Samarqand viloyati ochiq chempionatida va Sayxunobod tumanida bo‘lib o‘tgan Sirdaryo viloyati chempionati musobaqalaridan zafar quchib qaytdi.
Ushbu musobaqalarda tuman sharafini munosib himoya qilgan sportchilarni taqdirlash maqsadida tuman hokimi Abduazim Xidirov Otayurt MFYda bo‘lib, faxrli o‘rinlarni egallab qaytgan 18 nafar sportchi va ularning 2 nafar murabbiyiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.
***
Mirzaobod tumani Xalq qabulxonasi binosida Sirdaryo viloyati sudining raisi A’zamjon Xudoyberdiyev va viloyat, tuman sudyalari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida jinoyat, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarida tadbirkorlik sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishi holatlarining oldini olish yuzasidan fikrlashildi.
Sayyor qabulda 11 nafar murojaat qilgan fuqaroning 5 nafari jinoiy, 4 nafari fuqarolik, 1 nafari ma’muriy va 1 nafari iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud masalalariga oid murojaatlar bilan chiqdi.
Ushbu murojaatlarning 5 tasi joyida qanoatlantirilgan bo‘lsa, 6 nafar fuqaroga huquqiy maslahat, ma’lumot va tushuntirish berildi.
***
Sirdaryo tumanida «Ayollar daftari»ga kiritilgan 26 nafar xotin-qizga tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, adliya bo‘limi va ichki ishlar bo‘limi mas’ullari tomonidan huquqiy maslahatlar berildi.
Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – jamiyatda, turmushda, ish joyida, ta’lim muassasasi va boshqa joylarda xotin-qizlarga nisbatan munosabatni yanada yaxshilash, ularga nisbatan hurmat va ehtiromni yanada mustahkamlash borasidagi ayollarimizning haq-huquqlari borasida va ularning o‘zlari nimalarga e’tibor qaratishi lozimligi va ularning haq-huquqlari yuzasidan maslahat va tavsiyalar berildi.
***
Joriy yilning 12-15 mart kunlari Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida sportning belbog‘li va erkin kurash turlari bo‘yicha 2005-2006 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida respublika kubogi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu musobaqada ishtirok etgan Boyovut tumanining yosh kurashchilari 9 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 3 tasi oltin medal bo‘lsa, 3 tasi kumush va qolgan 3 tasi bronza medallaridir.
35 kg vazn toifasida Avazbek Otaqulov, 38 kg vaznlilar bahsida Hojiakbar Abdusattorov hamda vazni 65 kg bo‘lgan polvonlar bellashuvida Suhrob Saidbekov mutlaq g‘olib bo‘lib, oltin medal sohibiga aylandi.
Kurashchilarning erishgan yutuqlari munosib rag‘batlantiriladi.

A.Qayumov,
F.Toshmatov (surat), O‘zA