Sirdaryo xabarlari qisqa satrlarda
Bu kabi chora-tadbirlar Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Guliston shahar dehqon bozorida ham amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyatining eng chekka Sardoba tumani markazidagi Paxtaobod shaharchasi dehqon bozorida arzonlashtirilgan narxlarda oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va boshqa kundalik isteʼmol mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
Bugun Sardoba tumani hokimi A.Xidirov boshchiligida sektor rahbarlari, tuman hokimi oʻrinbosarlari, tumandagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari Paxtaobod dehqon bozori, shu hududdagi savdo doʻkonlari va dorixonalarda narx-navolar sunʼiy ravishda oshib ketishining oldini olish yuzasidan olib borilayotgan profilaktik targʻibot ishlari bilan tanishdi.
– Tuman soliq idorasi va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan birgalikda doimiy asosda ishlaydigan maxsus shtab tuzilgan va bozorlardagi vaziyat qatʼiy nazoratga olingan, – dedi Sardoba tumani hokimi A.Xidirov. – Eng asosiysi, koronavirus va har xil yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida bozor hududida, savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish joylarida tozalik, obodonlashtirish hamda dezinfeksiya ishlarini amalga oshirishga eʼtibor qaratganmiz.
Bu kabi chora-tadbirlar Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Guliston shahar dehqon bozorida ham amalga oshirilmoqda.
Koronavirus tarqalishining oldini olish, bozorda sotilayotgan mahsulotlar narxining oshib ketmasligi, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya etilishi doimiy nazoratda.
Koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tibbiyot niqoblari sotuvchilar va xaridorlarga bepul tarqatildi. Bu kabi xayrli ishlarni viloyatning boshqa bozorlarida ham amalga oshirish rejalashtirilgan.
* * *
Mirzaobod tuman hokimligi tashabusi bilan 68 ishsiz xotin-qiz tuman bandlikka koʻmaklashish markazi qoshida ochilgan qisqa muddatli kasbga tayyorlash oʻquv kursida oʻqitilib, Guliston shahridagi “WELFOR” qoʻshma korxonasiga ishga joylashtirildi.
Korxona joylashgan hududga yaqin joylashgan “Navbahor” va “Haqiqat” MFYda yashovchi 90 nafar band boʻlmagan xotin-qiz roʻyxati shakllantirilib, qisqa muddatli oʻquv kursida kasbga oʻqitilishi va joriy yil aprel oyida ishga qabul qilinishi toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.