Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning to‘rtinchisi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida Sirdaryo viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning to‘rtinchisi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida Sirdaryo viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi kasaba uyushma qo‘mitasi hamda shu vazirlikning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Baxt shaharchasidagi respublika o‘g‘il bolalar maxsus maktab-internatida kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Vatanparvarlik ruhida o‘tgan uchrashuvdan so‘ng mehmonlar maxsus maktab-internat o‘quvchilariga jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi javonidan o‘rin olgan eng sara badiiy kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi.
– Asrlar o‘tsada, kitob – insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbai bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolaveradi, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Xidirov. – Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni mo‘tabar va muqaddas deb hisoblaydi. Kitobning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni beqiyos. Ushbu noyob asarlarni mutolaa qilish maxsus maktab-internati o‘quvchilari ta’lim-tarbiyasini yaxshilanishiga xizmat qilishi shubhasiz.
* * * * *
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10 yanvardagi “Davlat tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolarga ma’lumotnomalar berish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 aprelidan boshlab fuqarolarning ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanserlari hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma davlat xizmatlari markazlari hamda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.
Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar sho‘basi xabar berdi.
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab, ruhiy kasalliklar hamda narkologiya dispanserlari tomonidan fuqarolarning hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish amaliyoti bekor qilinadi. Narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladi.
Bundan tashqari, 2020 yilning 1 martigacha davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Qaror bilan fuqarolarning ruhiy kasalliklar hamda narkologiya dispanserlari hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish bo‘yicha ma’muriy reglamentlar tasdiqlandi.
* * * * *
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida 2008 yilda tavallud topgan bolalar o‘rtasida o‘tgan futbol xalqaro turnirida bronza medalni qo‘lga kiritgan Sirdaryo viloyati bolalar futbol jamoasi Guliston shahrida tantanali kutib olindi.
Ushbu turnirda Andijon, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari bolalar terma jamoalari, “Odil Ahmedov FA” (futbol akademiyasi)ning 1 va 2-jamoasi bilan birga Qozog‘iston Respublikasining “Shaxtyor” hamda “Bunyodkor” bolalar klublari ishtirok etdi.
2 guruhda 4 tadan jamoa ishtirok etgan bahslarda sirdaryolik yosh futbolchilar uchinchi o‘rin uchun bo‘lgan bahsda Farg‘ona viloyatilik tengqurlari ustida 5:3 hisobida zafar quchib, bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
“Odil Ahmedov FA-1” hamda “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi final o‘yinining asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida “Odil Ahmedov FA-1” jamoasi yosh futbolchilari 5:4 hisobida zafar quchib, turnir g‘olibi bo‘ldi.