Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari A.Mullajanov og‘ir hudud toifasiga kiritilgan Xovos tumanidagi “Nurli kelajak” va “Mustaqillikning 25 yilligi” mahallalarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ishlari bilan tanishdi.

Aniqlanishicha, ushbu mahallalarda ichki yo‘llarning 7,7 kilometri shag‘allashtirilgan, 0,8 kilometr ichimlik suv tarmog‘i, 9,3 kilometr elektr tarmoqlari, 0,5 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i ta’mirlanib, 137 ta simyog‘och o‘rnatilgan, 4 ta transformator va 1 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlangan, aholiga 129 dona gaz ballon yetkazilgan. O‘rganishlar davomida hududda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish, ichimlik suv va elektr tarmoqlarini tortish, hududni obodonlashtirish, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini tashqi qismini tartibga keltirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga tavsiyalar berildi.
*****
Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari D.Madirimov Boyovut tumani va Shirin shahri tadbirkorlari bilan uchrashdi. Unda tuman sektor rahbarlari, tijorat banklari rahbarlari, elektr, suv va tabiiy gaz ta’minotiga mas’ul rahbarlar, shuningdek, tadbirkorlar ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, tumanda 2022 yilda 748,1 milliard so‘mlik 103 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1417 ta yangi ish o‘rni yaratish maqsadida hududiy investitsiya dasturini amalga oshirish belgilangan. Bundan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishini ta’minlash maqsadida 15,8 million AQSH dollariga teng 4 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Uchrashuv davomida tadbirkorlarning murojaatlari eshitildi va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishliligiga ko‘ra mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
*****
Yurt obodligi, xalq farovonligi, farzandlar ta’lim-tarbiyasi, oilalar mustahkamligi, inson qadrini ulug‘lashda mahalla institutining o‘rni beqiyos. Xovos tumanida "Inson qadri uchun", degan g‘oya asosida amaliy ishlar boshlandi. Tumanda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini o‘rganish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish orqali ularni doimiy ish bilan ta’minlashga qaratilgan "Mahallabay" o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Tuman hokimi U.Kamolov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan "Nurli kelajak" mahallasidagi 51 ta xonadonga kirilib, fuqarolarning taklif va muammolari o‘rganildi. Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
*****
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi, bojxona xizmati general-mayori Akmalxo‘ja Mavlonov rahbarligida biriktirilgan umumta’lim maktablaridagi yoshlar bilan videokonferensiya tarzida “Davlat bojxona qo‘mitasi raisi soati” mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda Guliston shahridagi 9-umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Muloqotda so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilayotgani, zamonaviy jihozlangan, barcha sharoitlarga ega, qishloq va shaharlar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan maktablar soni kundan kunga ortib borayotgani ta’kidlandi.
*****
Sayxunobod tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi hamda viloyat Fransuz boksi (SAVAT) bo‘limi hamkorligida yosh avlodni sportga jalb qilish hamda ushbu sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida fransuz boksining «ASSO» yo‘nalishida o‘smirlar va qizlar o‘rtasida Sirdaryo viloyati chempionati o‘tkazildi.

Munosib ishtirok etib faxrli o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga 1-, 2-, 3-darajali diplom va medallar topshirildi.
Sh.Suyarov,
O‘zA