Sirdaryo IT sohasida ASOCIOga a’zo bo‘ldi
Indoneziya Respublikasining Jakarta shahrida o‘tkazilayotgan ASOCIO Digital & AI Summit xalqaro forumi doirasida Sirdaryo viloyati Osiyo va Okeaniya mintaqasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi nufuzli tashkilotlardan biri — ASOCIO (Asian-Oceanian Computing Industry Organization)ga rasman a’zo bo‘ldi.
Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Oybek Anvarov ma’lum qildi.
Sirdaryoning ASOCIOga a’zo bo‘lishi viloyatning xalqaro texnologik hamkorlik doirasini kengaytirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida ilg‘or tajribani o‘zlashtirish, xorijiy IT kompaniyalari hamda investorlar bilan yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

— Ushbu a’zolik Sirdaryo viloyatining xalqaro IT hamjamiyati bilan aloqalarini mustahkamlash, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tajriba almashish, xorijiy IT kompaniyalari hamda investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltiradi, — dedi Oybek Anvarov.
ASOCIO tarkibiga kirish orqali Sirdaryo viloyati Osiyo va Okeaniya mintaqasida faoliyat yuritayotgan IT kompaniyalari, milliy IT uyushmalari, texnologik tashkilotlar, startaplar va innovatsion ekotizim vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga erishadi. Bu, o‘z navbatida, yangi texnologik loyihalarni ishlab chiqish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda zamonaviy IT yechimlarni amaliyotga tatbiq etishga zamin yaratadi.
A’zolik doirasida viloyatda IT xizmatlari eksportini oshirish, texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli infratuzilmani takomillashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega IT kompaniyalarini hududga jalb qilish borasida ham yangi hamkorlik yo‘nalishlari paydo bo‘ladi.

Jakartada o‘tayotgan “ASOCIO Digital & AI Summit” xalqaro forumida Sirdaryo viloyatining IT sohasidagi salohiyati ham keng namoyish etildi. Viloyatda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan IT infratuzilma, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim, texnologik tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar hamda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik istiqbollari 24 ta davlat vakillariga taqdim etildi.
Bugun raqamli iqtisodiyot sharoitida hududlarning raqobatbardoshligi nafaqat ishlab chiqarish salohiyati, balki inson kapitali, innovatsiyalar, texnologiyalar va tashqi hamkorlik darajasi bilan ham belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Sirdaryoning xalqaro IT maydonida o‘z salohiyatini ko‘rsatayotgani yangi texnologiyalar, investitsiyalar va istiqbolli loyihalarni jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Jakartadagi forum doirasida Sirdaryo viloyati uchun yana bir muhim kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, 2027-yilda O‘zbekistonda ilk bor ASOCIOga a’zo davlatlar ishtirokida xalqaro sun’iy intellekt sammitini o‘tkazish va mazkur yirik tadbirga Sirdaryo viloyati mezbonlik qilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu kelishuv viloyatning texnologik maydondagi faolligini kuchaytirish bilan birga, Sirdaryoning investitsiyaviy va innovatsion salohiyatini xalqaro jamoatchilikka kengroq tanitish uchun muhim qadam bo‘ladi. Sammit doirasida sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar, texnologik tadbirkorlik, IT investitsiyalari va raqamli transformatsiya kabi yo‘nalishlarda tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilish ko‘zda tutilmoqda.
Xalqaro sammitning Sirdaryo viloyatida o‘tkazilishi xorijiy IT kompaniyalari, investorlar, ekspertlar va texnologik startaplar vakillarini hududga jalb etish, viloyatning texnologik salohiyatini bevosita namoyish qilish, yangi hamkorlik va investitsiya tashabbuslarini ilgari surish uchun samarali maydon bo‘lishi mumkin.

— Sirdaryo viloyatining ASOCIOga a’zo bo‘lishi va 2027-yilda xalqaro sun’iy intellekt sammitiga mezbonlik qilishi hududda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, texnologik hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va Sirdaryoni mintaqaviy IT markazlaridan biri sifatida rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi. Bu orqali viloyatning IT salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va istiqbolli sherikliklarni yo‘lga qo‘yish uchun keng ko‘lamli ishlar olib boriladi, — dedi Oybek Anvarov.
Ma’lumot o‘rnida, ASOCIO — Asian-Oceanian Computing Industry Organization Osiyo va Okeaniya mintaqasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi milliy IT uyushmalari va tashkilotlarini birlashtirgan xalqaro tuzilmadir. U 24 ta davlat va iqtisodiyot vakillarini birlashtirib, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay muhit yaratadi.

Sirdaryoning ushbu nufuzli tashkilot safiga qo‘shilishi viloyatning texnologik salohiyatini xalqaro maydonda yanada kengroq namoyon etish, zamonaviy yechimlarni amaliyotga joriy qilish, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va eksportbop IT xizmatlarini rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlaydi. 2027-yilda Sirdaryoda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro sun’iy intellekt sammiti esa xorijiy ekspertlar, texnologik kompaniyalar va investorlarni bir maydonga jamlab, ilg‘or tajriba almashinuvi, yangi sherikliklar va istiqbolli loyihalarni ilgari surish uchun yirik xalqaro platforma vazifasini o‘taydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri