Sinovli kunlardan olinadigan saboqlar
Hikmat izlaganga hikmat bu dunyo.
Hikmat izlaganga hikmat bu dunyo. Darhaqiqat, insonlar dunyo qarashlari, yaralish mohiyati haqidagi tushunchalari va ruhiy kechinmalaridan kelib chiqib hayot sinovlarini turlicha qarshi oladi.
Kimdir qiyinchilikdan imon-eʼtiqodi mustahkamlanib, muhim xulosalar chiqarsa, yana kimdir iztirobga tushib, ruhiy va jismoniy xastaliklar girdobiga tushib qoladi. Aslida taqdir gardishi inson boshi uzra qay tomonga qarab aylanmasin, kishi oʻzini munosib tutgan holda, undan bir hikmatni oʻrganishi, hayoti uchun asqotadigan zarur saboqlarni oʻzlashtirishga intilishi lozim.
Xoʻsh, inson nega parvardigori tomonidan sinaladi? Bu haqda Qurʼoni karimda sinov haqidagi baʼzi oyatlarni qisqacha oʻrganish orqali javob topishga intilamiz.
Oyatlarga eʼtibor qaratsak, dunyoning yaratilishidagi asosiy hikmat – bu sinovdir. Yaʼni, kim chin bandalik yoʻlidan borayapti, kim esa, toʻgʻri yoʻldan ogʻishayapti. Oʻtkinchi dunyo agar sinovlardan xoli, toʻla-toʻkis hayotdan iborat boʻlganda edi bu Allohning insoniyatni yaratishdagi hikmatiga mos boʻlmay qolardi.
Sinovlar haqida fikr yuritganimizda quyidagi qimmatli xulosalarga kelishimiz mumkin.
SINOVLAR ODAMIYLIKNI OʻLCHAYDIGAN MEZONDIR
“Ankabut” surasining ikkinchi oyatida shunday deyiladi: “Odamlar: “Imon keltirdik”, – deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida qoldiriladilar, deb oʻylaydilarmi?!”.
Ushbu oyati karimada insondagi eng katta kamchiliklardan biri aytib oʻtilmoqda. Yaʼni, Allohga iymon keltirdim, endi hamma narsa oʻz-oʻzidan yaxshi boʻladi, ishlarim faqat oʻngidan keladi degan tushuncha notoʻgʻri ekani, Alloh taolo hamma narsaning yaxshisini yomonidan, haqiqiysini soxtasidan ajratish uchun bu dunyoda sinov-imtihon qoidasini joriy qilib qoʻyganini bayon qilmoqda.
Zero, jamiyat orasida yashayotganlar farovonlik kunlarida ahil-inoq. Qiyinchilik vaqtida esa, ayrimlarni oʻzi uchun qaygʻurib, oʻzgadan yiroq boʻlishga harakat qilayotganiga guvohi boʻlamiz.
Demak, sinovlar odamiyligimizni oʻlchovchi, haqiqiy moʻmin-musulmonmizmi, yoki iymonimizda kamchilik bormi shuni ajratib beruvchi ilohiy mezondir.
SINOVLAR SABRLI BOʻLISHGA OʻRGATADI
Sinov yetganda uning birinchi muolajasi sabrdir. “Baqara” surasining 155-oyatida “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yoʻli bilan sinagaymiz” deyilgach, uning ortidan “(Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” deb aytilishi musibat yetganda birinchi galda sabrli boʻlish kerakligini uqtirmoqda.
Hadisi qudsiyda Alloh azza va jalla bunday marhamat qiladi: “Ey bandalarim, Men bandalar ichidan bir moʻmin kishini (biron musibat yetkazib) imtihon qilsam, u Menga hamd aytib sinovimga sabr qilsa, u oʻsha joyidan turganida onasi tuqqan kundagidek xato-gunohlaridan pok boʻlib turadi”.
Musibat kelgach, biz har qancha betoqat boʻlmaylik, uning soyasi Alloh xohlagan vaqtgacha boshimizdan ketmasligini chuqur anglashimiz lozim. Agar biz sabr qilib, shukrda bardavom boʻlsak, qiyinchilikni oʻz foydamizga burgan, bundan dunyomiz uchun yaxshilik, oxiratimiz uchun zahirani qoʻlga kiritgan boʻlamiz.
MUSIBAT INSONNI TOBLAYDI
Hayot sinovlardan holi boʻlmasligi barchaga ayon haqiqatdir. Odatda birinchi kelgan sinov juda ogʻir tuyuladi. Vaqt oʻtishi bilan esa kishi unga moslashadi, irodasi mustahkamlanadi. Bu esa navbatdagi sinovlarning nisbatan yengil kechishini taʼminlaydi. Shuning uchun qiyinchilikning ilk damlarida sabr qilish oʻta muhim sanaladi. Keyinchalik unga koʻnikib qolish ham haqiqiy sabr hisoblanmaydi. Hadisi shariflarda bejizga “Haqiqiy sabr avvalgi zarba paytdagisidir” deyilmagan. (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati)
Luqmoni Hakim shunday degan: “Bolajonim! Oltin olov bilan sinaladi. Solih banda balo bilan sinaladi. Alloh bir qavmni yaxshi koʻrsa, ularni balo bilan sinaydi. Kim rozi boʻlsa, uning uchun rozilikdir. Kim gʻazab qilsa, uning uchun gʻazabdir”.
Abdulqodir Jiyloniy ham: “Ey oʻgʻlim, musibat-balo seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi”, deb aytgan.
SINOV YETGANDA BIRINCHI GALDA ALLOH BILAN ALOQANI MUSTAHKAMLASH LOZIM
Sinov yetganda inson avvalo Alloh bilan aloqani mustahkamlash, unga yana-da qattiqroq bogʻlanishi kerak. Bu ham ilohiy taʼlimot boʻlib, yuqoridagi oyatning davomida “Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar” (“Baqara” surasi, 156-oyat) deyish bilan musibat yetganda oʻziga duo qilish, inson uning mulki ekanini eslashi lozimligi taʼlim berilgan.
Bu duo Qurʼoni karimda “Innaa lillahi va innaa ilayhi rojiʼuun” deb talaffuz qilinadi va qisqacha “istirjo” deyiladi. Bizga yetgan musibat kattami yoki kichik, unga sabr qilib, istirjo aytishni odat qilishimiz kerak. Hadisi sharifda: “Birortangizning oyoq kiyimi ipi uzilsa ham, istirjoʼ aytsin” deyilgan.
SINOVGA SABR QILISHNING ENG BUYUK MUKOFOTI
Xoʻsh, sinovlarga sabr qildik, buning natijasida nimalarga erishamiz? Qiyinchiliklar ketadi, sabr qilganimiz uchun mukofot tariqasida koʻplab neʼmatlar bilan siylanamiz. Xususan, Qurʼoni karimda “har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (“Sharh” surasi, 5-oyat.), deyilgan.
Shuning bilan birga turli ruhiy va jismoniy dardlardan oʻzimizni himoyalagan boʻlamiz. Yana talay yaxshiliklarga erishishimiz mumkin. Lekin, bu sabrning eng buyuk mukofoti emas. Sabrning eng buyuk mukofoti “Aynan oʻshalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (magʻfirat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (“Baqara” surasi 157 oyat), deb sifatlangan bandalar safiga qoʻshilishdir. Yaʼni, sabrning eng buyuk mukofoti Allohning magʻfirati, mehribonchiligi va toʻgʻri yoʻlga boshlashidir. Banda bundan ortiq mukofotga erisha olmaydi.
Bugungi kunda dunyo ahli boshiga turli sinovlar kelmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi osuda kunlarimiz qadri naqadar yuksakligini har daqiqa bizga eslatmoqda. Biroq shuni unutmasligimiz kerakki, bu kasallik haqida qancha koʻp oʻylasak, undan bundanda koʻproq hikmatlarni ilgʻab olishimiz mumkin. Xususan, kator rivojlangan davlatlar kasallik oldida ojiz qolayotgan bir paytda davlatimizning unga qarshi qanday choralar koʻrgani, shunday murakkab vaziyatda ham xalqni beeʼtibor qoldirmasdan mehr-muravvat va gʻamxoʻrlik koʻrsatgani, aholimizda esa, birdamlik va oliyjanoblik, oʻzgalar dardi bilan yashash hissi haligacha mustahkam ekaniga guvoh boʻldik. Eng asosiysi, Allohning cheksiz qudrat sohibi ekani va barcha narsa uning irodasiga bogʻliqligini yana bir bor teran anglab oldik.
Demak, bugungi sinovli kunlarda bizdan talab etilayotgan tartib-qoidalarga rioya qilib, oʻzgalar hayotini xavf ostiga qoʻymasdan oʻzimizni ehtiyot qilsak va ozgina sabrli boʻlsak, musibat ortidan albatta yorugʻ kunlarga yetamiz.
Usmonxon MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi