Sifatsiz va yaroqsiz mahsulotlar savdosi to‘xtatildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ichki bozorda iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash, sifatsiz va yaroqsiz mahsulotlar aylanmasining oldini olish maqsadida muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahri, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganishda “QUDRATILLA BARAKA SAVDO” MCHJga qarashli dorixonada sotilgan “Trombo ASS” dori vositasining yaroqlilik muddati o‘tgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, iste’molchi tomonidan to‘langan mablag‘ni qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborildi.
Namangan viloyatidagi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan nazorat xaridi davomida savdo shoxobchalaridan olingan un mahsulotlari sifati laboratoriya tahlilidan o‘tkazildi.
Tekshiruv natijasida “Chodak Asl Biznes” MCHJ tomonidan qadoqlangan “SANA 777” birinchi navli bug‘doy uni sanitariya-gigiyenik me’yorlarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Maxsus komissiya tomonidan ushbu holat “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzish sifatida baholanib, belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi. Qonunbuzarlik oqibatida olingan 28,5 mln. so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Bunday nazorat tadbirlari bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, eng muhimi — aholi salomatligi va huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA