Sifatsiz beton shlakoblok ishlab chiqaruvchi korxona aniqlandi
Jizzax viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida qonun talablariga rioya qilmagan tadbirkorlik sub’ekti aniqlandi. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasining viloyat bo‘limi tomonidan Sharof Rashidov tumanida faoliyat yuritayotgan “E.A.” MCHJda o‘tkazilgan davlat nazorati tekshiruvi jarayonida qator qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzaga chiqdi.
Aniqlanishicha, mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan beton shlakobloklar nafaqat davlat standartlariga javob bermaydi, balki inson xavfsizligi va binolar mustahkamligi uchun ham xavf tug‘dirishi mumkin. Tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida” va “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga umuman amal qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar belgilangan tartibda tamg‘alanmagan, eng muhimi, ular hech qanday davriy sinovlardan o‘tkazilmagan. Sifati kafolatlanmagan va tegishli muvofiqlik sertifikatlari bo‘lmagan mahsulotlar erkin sotuvga chiqarib yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan korxona rahbariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, ish hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborildi. Shuningdek, inspeksiya tomonidan standart talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni sotuvdan qaytarib olish yuzasidan qat’iy ko‘rsatma berildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA