Si Szinpin 100 ming nafar yosh amerikalikni Xitoyga taklif qildi
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin mamlakat va AQSH o‘rtasidagi yoshlar almashinuvini kengaytirish maqsadida kelgusi besh yil davomida 100 ming nafar yosh amerikalikni Xitoyga taklif qilish tashabbusini ilgari surdi.
Mazkur tashabbus 24-sentabr kuni Si Szinpinning AQSHga davlat tashrifi doirasida Vashingtondagi Oq uyda o‘tkazilgan rasmiy kutib olish marosimida e’lon qilindi.
Bu Xitoy rahbarining ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi ta’lim va madaniy almashinuvlarga oid avvalgi tashabbusining davomi hisoblanadi. 2023-yil noyabr oyida San-Fransiskoda Si Szinpin besh yil davomida 50 ming nafar yosh amerikalikni Xitoyga o‘qish va turli almashinuv dasturlarida ishtirok etish uchun taklif qilishini ma’lum qilgan edi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2026-yil may oyiga kelib bajarilgan va belgilangan muddatdan ikki yarim yil oldin 50 ming nafardan ziyod amerikalik yosh Xitoyga tashrif buyurgan.
Yangi tashabbus ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida ta’lim, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirishni nazarda tutadi. Xitoy rahbari Oq uydagi nutqida Xitoy – AQSH munosabatlarining kelajagi yoshlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Xitoy – AQSH yoshlar almashinuvi so‘nggi yillarda turli ta’lim va madaniy dasturlar orqali rivojlanib kelmoqda. Jumladan, 2024-yilda Si Szinpin AQSHning Ayova shtatidagi Maskatin shahri o‘quvchilariga yo‘llagan javob xatida amerikalik yoshlarning Xitoyga tashriflarini davom ettirish muhimligini qayd etgan.

Shuningdek, Si Szinpinning 2026-yil may oyida Xitoy va AQSH yoshlariga yo‘llagan javob xatida 2023-yilgi tashabbus doirasida 50 mingdan ziyod amerikalik yosh Xitoyga borgani, bunday almashinuvlar o‘zaro muloqot va tushunishni kengaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
Si Szinpinning 100 ming nafar yosh amerikalikni Xitoyga taklif qilish haqidagi yangi tashabbusi ikki mamlakat rahbarlarining Vashingtondagi uchrashuvlari doirasida ma’lum qilindi. Xitoy rahbarining AQSHga davlat tashrifi 23-25-sentabr kunlariga rejalashtirilgan bo‘lib, tashrif davomida ikki tomonlama munosabatlarning turli yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA