Shunchaki yaxshi inson yodi
Bahor tarovati bugungi sinovli kunlar soyasida qolib ketgandek...
Xotira
Bahor tarovati bugungi sinovli kunlar soyasida qolib ketgandek...
Toʻzgʻin xayollarni qaldirgʻochlarning chugʻuri buzdi. Ularni kuzatish rosa zavqli, ham maroqli. Tongda quyosh nuridan, uning zarrin taftidan juda balandlarga, koʻz ilgʻashi qiyinroq yuksaklarga parvoz qiladi. Kun botishidan avval esa quv bolalar kabi bir-biri bilan quvlashmachoq oʻynab, qiyqirishib, oʻyinqaroqlashib, qanotlarini pirpiratib uchadi.
Aslida, tabiat maftunkorligini tasvirlashda suratkashlarga yetadigani yoʻq. Fotograf zoti gʻoyat kamgap, kamsuqum, oʻnta gapingizga bitta emas, yarimta gap bilan arang javob qaytaradigan, ishning koʻzini biladigan, kasbidan boshqasini tan olmaydigan, mahmadonaligu safsatabozlikdan yiroq boʻlganlar toifasidan. Nigohi gʻoyat ziyrak va sinchkov. Barining feʼli turfayu fazilati bir xil. Topgani halolidan boʻlsin, shundanmi ularning yoʻqlaguvchilari ham koʻp. Mohir fotoijodkor Alisher Risqiyev ham ana shunday insonlardan edi.
Ishga kelganimga bir yillar boʻlgan chamasi, yoshlar festivali haqida material tayyorlash topshirigʻini oldim. Ulkan stadion yoshlar bilan liq toʻla. Ana-mana deguncha tadbir boshlanadiyu fotomuxbirdan darak yoʻq. Bir payt Alisher aka paydo boʻldi. Biroz fursat texnikasini yalt-yult qilgan boʻldi-da, keyin bir yoʻla rasmchining oʻziyam koʻrinmay qoldi. Oʻzimcha jigʻibiyron boʻlaman. “Obbo, nega festival yakunigacha qolmadi. Fotoapparat buzildimikan? Rasmsiz materialning kimga keragi bor? Axir reportaj degani fotosurat bilan tirik-ku. Fotochi bordimi, desa nima deb aytaman?”...
Ishga borib, tadbir tafsilotini yoritgan boʻldim. Ne koʻz bilan koʻrayki, mohir fotoijodkor qisqa fursat davomida oʻziga kerakli va ayni damda festivalning bor mohiyatini ochib beruvchi gʻoyat chiroyli kadrlar, taʼsirchan lavhalarni “yigʻib” ulgurgan ekan.
...Mana boʻyniga medallar shodasi sigʻmayotgan, yuragi hayajonga, koʻzi quvonch yoshiga toʻlgan chempionlar, bunisi kitob-daftarini mahkam quchganicha xayollar domidagi talaba-qiz, charx urib raqs tushayotgan raqqosalar, tomogʻi yirtilgudek boʻlib kuylayotgan yosh xonandalar, konsertni olqishlayotgan tomoshabinlar... Eh-he, qancha ajoyib fotosuratlar!
Alisher akaning boks boʻyicha yetti karra Oʻzbekiston chempioni boʻlganidan endi xabar topdim. Eshitganim, u kishi mohir bokschi Rufat Risqiyevning jon jigari edi. Yana bilganim, Alisher aka qoʻlidan kelganicha boshqalarga yordam koʻrsatardi. Kimlargadir farzandini sport toʻgaragiga joylashtirishga, boshqaning oʻgʻli uchun tuzukroq sport murabbiysini topishga koʻmaklashganini, kimningdir yaxshi kunlarini tasvirga muhrlashda qoʻllab yuborganini hamkasblardan eshitgandim. Qoʻlidan kelmaganida esa jilla qurisa, birovlarga xalaqit bermas, oyogʻidan chalmasdi. U shunchaki yaxshi inson edi!
Bugun ham tashkilotimizda iqtidorli fotomuxbirlar nozik sanʼatning eng yaxshi maktab va tamoyillariga tayangan holda ijodni davom ettirmoqda. Ularning yozuvda ifodalashga ojiz boʻlgan jihatlarni fotosuratda tasvirlashi koʻpchilikni mudom hayratlantiradi, zavq ulashadi, havasini tortadi. Demak, mohir fotomusavvirning ijodiy anʼanalari doim barhayot.