Shukur Xolmirzayev nomidagi hikoyalar tanlovi g‘oliblari
So‘nggi yillarda adiblar va mutafakkirlarimizning ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2020 yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev tavalludining 80 yilligi munosib nishonlandi.
“Info Capital Books” nashriyoti yuqori saviyadagi badiiy va tarjima kitoblar chop etish bilan bir qatorda adabiyot dunyosida yangidan-yangi ijodkorlarni kashf qilish uchun ijodiy tanlovlar ham tashkil qilib bormoqda. Joriy yilda nashriyot tomonidan e’lon qilingan Shukur Xolmirzayev nomidagi I xalqaro hikoyalar tanlovi o‘zbekzabon yozuvchilar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Xalqaro miqyosdagi ushbu tanlov yakunlangani munosabati bilan 5 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Info Capital Books” nashriyoti direktori Bahodir Husanov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari, taniqli yozuvchilar Xurshid Do‘stmuhammad, Abduqayum Yo‘ldosh, adabiyotshunos olimlar Bahodir Karim, Suvon Meli va Faxriddin Sodiq, tanlov hakamlari, sovrindorlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
O‘zining betakror hikoya, qissa va romanlari bilan o‘zbek adabiyotida munosib o‘rin egallagan Shukur Xolmirzayev xotirasiga ko‘rsatilgan ehtirom haqida adibning qizi Sayyora Xolmirzayeva alohida to‘xtalib, o‘z minnatdorligini bildirdi.
So‘ngra hakamlar hay’ati a’zolari Xurshid Do‘stmuhammad, Suvon Meli va Bahodir Karim tanlovga kelib tushgan hikoyalarning tekshirilish jarayoni, hikoyalarning o‘ziga xosliklari haqida batafsil so‘zlashdi.
– Tanlovga 350 ta hikoya kelib tushgan, – dedi hay’at raisi Xurshid Do‘stmuhammad. – Bizga ko‘rib chiqish uchun hikoyalarning matni berildi, muallif o‘rnida esa raqamlangan shifr bor edi. Biz g‘oliblikka kimni chiqarganimizni ham bugun bilamiz. Tanlov juda xolislik bilan o‘tkazildi.
Tanlovning birinchi sharti taqdim etilgan hikoya avval matbuotda e’lon qilinmagan bo‘lishi kerak edi. Mavzu borasida esa cheklovlar yo‘q. Tanlovga taqdim etilgan eng yaxshi hikoyalar to‘plam holida nashr etiladi.
Tadbirning keyingi qismi sovrindorlarni taqdirlash marosimiga ulanib ketdi. Birinchi o‘rin yozuvchi Risolat Haydarovaga berildi.
Tadbir so‘nggida tanlov sovrindorlari Abdunabi Hamro, Omonkeldi Irisovlar o‘z taassurotlari va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.



Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist