Shukronalik oyi muborak bo‘lsin!
Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Davlatimiz rahbarining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, uni munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Orolbo‘yida ham “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
– Muborak Ramazon oyi munosabati bilan shahar aholisi va mehmonlarni sifatli, arzon va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil etildi, – deydi “Nukus dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati direktori o‘rinbosari Bayram Abatov. – Shu maqsadda Nukus shahrida faoliyat yurituvchi ishlab chiqaruvchi, tayyorlovchi korxonalarga shahar hokimligi bilan kelishilgan holda kuz-qish mavsumida 80 dan ortiq turdagi jami 3 ming 435 tonna oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsuloti zaxirasi yaratildi.
[gallery-27732]
Xususan, 998 tonna kartoshka, 540 tonna piyoz, 985 tonna sabzi, 912 tonna boshqa birinchi darajali oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi jamg‘arildi. Bu yaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi bevosita ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlashga o‘zining sezilarli ta’sirini o‘tkazadi.
Mazkur savdo yarmarkasiga jami 45 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt biriktirilib, ular doimiy ravishda o‘z mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Tayyorlovchi korxonalarga berilgan moliyaviy yordam natijasida qo‘shni viloyatlardan, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan, Pokiston, Hindiston, Mo‘g‘uliston davlatlaridan oziq-ovqat mahsulotlari import qilinib, ichki bozorlarimizda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ta’minlamoqda. Ushbu oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini saqlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda.
– Muborak Ramazon oyi nafaqat ibodat, balki saxovat, mehr-muruvvat va yaxshilik oyi hisoblanadi, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali rahbari Islambek Tajetdinov. – Jumladan, bayram kunlari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisidan ayrilgan, nogironligi bo‘lgan oilalardan xabar olinib, ularga xayriya yordami ko‘rsatiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.