Shri-Lankada avtobus jarlikka quladi
Shri-Lankaning tog‘li hududida yo‘lovchilarni olib ketayotgan avtobus izidan chiqib ketib, jarlikka quladi. Oqibatda 15 kishi halok bo‘ldi, 16 kishi jarohatlandi.
Bu haqda "Arab News" xabar berdi.
Politsiya vakili Fredrik Vutler aytishicha, payshanba kuni kechqurun poytaxt Kolombodan 280 kilometr sharqda joylashgan Velavayya shahri yaqinida yuz bergan fojia chog‘i mashina 1000 fut balandlikdan pastga "sho‘ng‘igan".
Jabrlanganlardan 5 nafari bola. Dastlabki tekshiruv yuqori tezlikda ketayotgan avtobus avval boshqa mashina bilan to‘qnashgan, so‘ngra haydovchi boshqaruvni yo‘qotgach, to‘siqqa borib urilganini ko‘rsatdi.
Mahalliy televideniye axborotida askarlar qutqaruv ishlarini olib borayotgan payt jar tubida yotgan avtobus qattiq shikastlangani ko‘ringan tasvir ham berilgan.
Shri-Lankaning tog‘ oldi hududlarida ehtiyotsizlik yoki tor yo‘llar noto‘g‘ri loyihalangani tufayli yo‘l-transport hodisalari tez-tez ro‘y berib turadi.
M.Pirmatova, O‘zA