Sho‘rchilik mirishkor dehqon 40 kilogrammlik oshqovoq yetishtirish arafasida
Qovoq — inson salomatligi uchun foydali vitaminlarga boy, oziq-ovqat va chorvachilikda keng qo‘llaniladigan qadimiy ekinlardan biri. Biroq, uning haqiqiy hosildorlik salohiyatini ochish uchun an’anaviy usullardan voz kechib, ilmiy asoslangan agrotexnikaga o‘tish talab etiladi. Ekish muddatlarini to‘g‘ri belgilash, yerni tayyorlash va samarali sug‘orish tizimlarini joriy etish orqali har gektar maydondan kutilganidan bir necha barobar ko‘p mahsulot olish mumkin.
Sho‘rchi tumanining Bobur mahallasida yashovchi mirishkor dehqon Xolboy Qurbonov polizchilik bilan uzoq yillardan buyon shug‘ullanadi. U har bir mavsumni yangi tajriba va ezgu maqsad bilan boshlaydi. 2022-yilda u yetishtirgan 35 kilogrammlik oshqovoq nafaqat mahalla, balki butun respublikamiz aholisi orasida katta qiziqish uyg‘otgan edi. O‘sha paytda ko‘pchilik buni tasodif deb o‘yladi. Ammo bu yilgi hosil bir haqiqatni yana bir bor isbotlamoqda: katta natija tasodif emas, izchil mehnat samarasidir.
Bu yilgi polizdagi ayrim oshqovoqlarning vazni esa 32 kilogrammdan oshgan. Ular hali to‘liq pishmagan.

–Agar tabiat injiqlik qilmasa, kuz fasliga borib bu oshqovoqlarning vazni 40 kilogramm yoki undan ham ortishi mumkin, – dedi Xolboy Qurbonov. – Ko‘pchilik mendan: "Qanday urug‘ ekdingiz?" deb so‘raydi. Men esa doim bir gapni aytaman: avvalo, yerga mehr ekish kerak. Yer mehrni his qiladi. Agar dehqon erinmasa, har kuni niholning holidan xabar olsa, hosil ham shunga yarasha bo‘ladi. Hosilning siri — yerga bo‘lgan muhabbat. Biz "Paknok" navli oshqovoq ekib, uni organik o‘g‘itlar bilan parvarishladik.
Bu nav yirik meva tugishi bilan ajralib turadi. Lekin urug‘ning o‘zi natija bermaydi. Uni o‘z vaqtida sug‘orish, organik o‘g‘it bilan oziqlantirish, ortiqcha mevalarni siyraklashtirish va har bir niholni alohida parvarish qilish lozim. Ana shunday mehnat evaziga bugun 32 kilogrammdan oshgan oshqovoqlarni yetishtirdik. Nasib etsa, kuzga borib ularning vazni 40 kilogrammga yetadi.
–Xolboy akaning tomorqasi kichik bir saylgohni eslatadi, –dedi jurnalist Nigina Shoyeva. – Qiziqqanlar kelib, ulkan oshqovoqlar bilan suratga tushmoqda. Dehqondan tajriba va maslahat olmoqda. Yurtimizda tomorqadan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda oilalar daromadini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xolboy Qurbonovning mehnati ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi. Har bir qarich yerga mehr bilan qaralsa, u albatta baraka beradi. Har bir niholga e’tibor berilsa, u mo‘l hosil bilan javob qaytaradi.
Sho‘rchilik mirishkor dehqon yetishtirayotgan ulkan oshqovoqlar shunchaki poliz mahsuloti emas. Ular mehnat, sabr, fidoyilik va Vatanga muhabbatning yorqin timsolidir. Kuz faslida vazni 40 kilogrammga yetishi kutilayotgan bu oshqovoqlar, shubhasiz, yana ko‘plab insonlarni hayratga soladi.
Ammo undan ham muhimi, ular yosh avlodni mehnatsevar bo‘lish, yerni qadrlash va halol mehnatning qadriga yetishga undaydi. Bir qarashda oddiy oshqovoqdek tuyulgan bu hosil ortida minglab mashaqqatli mehnat soatlari, sabr-toqat, tajriba va yerga bo‘lgan cheksiz mehr mujassam. Bu esa nafaqat dehqonning shaxsiy yutug‘i, balki Sho‘rchi dehqonlarining mehnatsevarligi va mirishkorligining yana bir yorqin isboti bo‘ladi.
Bugungi global iqlim o‘zgarishi va suv resurslarining kamayishi sharoitida qishloq xo‘jaligida kam xarajat va kam suv talab qiladigan, ammo yuqori daromad keltiradigan ekinlarni tanlash dolzarb masalaga aylandi. Yurtimiz iqlimiga to‘liq mos keluvchi ushbu serhosil o‘simlik nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash, balki eksport va qayta ishlash sanoatida ham katta salohiyatga ega.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA