Sho‘r yuvish dehqonchilikda eng muhim palla
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va lazer uskunasi yordamida tekislash bo‘yicha ko‘rgazmali ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda tizim tashkilotlari va tumandagi 4 ta sektor rahbarlari, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, mavjud suv manbalaridan samarali foydalanish va ekin maydonlarining sho‘rlanish darajasini kamaytirish dolzarb vazifalardan sanaladi. Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini ta’minlash, yerlarning unumdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi, ularning suvga bo‘lgan talabi oshib borishi tufayli suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda.
Sho‘r yuvish uchun dastlab yer maydoni chizellanishi, so‘ngra tekislanib, marzalar olinib, suv to‘plash uchun pollar va o‘q ariqlar hosil qilinishi, ularning kattaligi tuproqning suv singdiruvchanlik xususiyati, yerning qanday tekislanganligi va nishabiga qarab turlicha olinishi mumkinligi qayd etildi.
– Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonga qilgan tashriflari doirasida hududda mavjud suv resurslaridan samarali foydalash, ekin maydonlarini tekislash bo‘yicha alohida topshiriq bergan edi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev.
– Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘istonga 200 ta lazer uskunasi yordamida ekin maydonlarini tekislaydigan maxsus texnika olib kelinishi belgilandi. Hozirgi kungacha ana shu zamonaviy texnikalarning 10 dan ortig‘i olib kelinib, dalalarni tekislash ishlariga jalb qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.G‘aniyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov ishtirok etdi.