Sholichilikda ilm va innovatsiya (+video)
Suv tanqisligi sharoitida ko‘p sug‘oriladigan o‘simlik - sholining narxi oshadimi? Bugun soha olimlari oldida ushbu savolga javob topish ko‘ndalang turibdi. Bu borada yurtimizdagi bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari izlanishlar olib bormoqda. Mazkur dolzarb masala yechimi borasida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining ilmiy izlanishlari qanchalik samara beradi? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida muassasa faoliyati bilan qiziqdik.
Har bir sohaning taraqqiyoti ilm bilan belgilanadi. Xususan, sholichilikda ham bugun bir qator ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Zero, ushbu o‘simlik dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda uchinchi, hosildorligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi. Suv tanqisligi kuchayotgan bir sharoitda tezpishar, suvni kam talab qiladigan, serhosil navlarga talab oshadi. Shundan kelib chiqib, ilmiy muassasa tomonidan hosildorligi gektaridan 82 sentnerga yetadigan tezpishar, 74 sentnerdan ko‘proq sholi olish mumkin bo‘lgan o‘rtapishar va 80 sentnerdan yuqori hosil beradigan kechpishar navlar yaratildi.
Institutning ekin yer maydoni 313 gektar bo‘lib, 2023 yilda yangi navlarning yaratilishi natijasida 1 gektar yerdan o‘rtacha 16 mln. so‘m daromad topildi. O‘tgan yilda yaratilgan sholining “Sadaf” va “Billur” yangi navi istiqbolli deb topilib, O‘zbekiston hududida ekishga tavsiya etildi. Joriy yilda esa ular safiga yana ertapishar va o‘rtapishar “Tolmas” va “Marvarid” navlari qo‘shildi. Xullas, olimlarimizning samarali ilmiy izlanishlari kelgusida bozorlarimizdagi guruch narxining oshib ketmasligining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8gi5Mhm3gmE" title="Sholichilikda ilm va innovatsiya" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA