Shohjahon Ergashev AQSHda ringga ko‘tariladi
Professional boksning eng yengil vazn toifasida (63,5) mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan bokschimiz Shohjahon Ergashev navbatdagi jangini AQSHda o‘tkazadi.
Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi xabar tarqatdi.
IBF reytingida 4-o‘rinni egallab turgan Ergashev eng yengil vaznda chempionlik kamari uchun da’vogarlar jangida ringga ko‘tariladi.
– Ayni paytda IBF kamari vakant bo‘lib turibdi. Navbatdagi jangim chempionlik kamariga da’vogarlik maqomida bo‘lishi lozim. Shu kunlarda promouter va menejerlar bu borada muzokaralar olib bormoqda, — dedi Shohjahon Ergashev.
Ushbu boks bahsi hamyurtimiz uchun chempionlikka da’vogarlar jangi maqomida o‘tadigan bo‘lsa, katta ehtimol bilan Ergashev IBF reytingida undan oldingi qatorlardan joy olgan argentinalik Xeremias Ponse, puerto-rikalik Subriyel Matias yoki angliyalik Jek Ketterollga ro‘baro‘ kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Shohjahon so‘nggi jangi – AQSHning Texas shtatida o‘tgan boks oqshomida meksikalik Anxel Martines Ernandesni texnik nokautga uchratgandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA