Shohimardon: “Qars” ikki qo‘ldan chiqadi (+video)
Shohimardon O‘zbekistonning eng go‘zal qishloqlaridan biri. Uning purviqor tog‘lari, tezoqar daryolari, kislorodga boy archazorlari hammani hamisha maftun etib kelgan. Ayniqsa, mehmondo‘st aholisini aytmaysizmi. Ammo...
Ammo so‘nggi paytda Shohimardonga borish uchun chegaralardan o‘tish mushkul bo‘lib qolgandi. Shunda ikki davlat prezidentlarining yakdil qarori bilan chegara o‘tkazish-nazorat postlari tunu-kun, ya’ni 24 soat ishlaydigan bo‘ldi qoldi.
–24 soat faoliyat yuritishi joriy etilmasdan oldin o‘tishga qiynalardik, chegarada 4-5 soat qolib ketar edik, – deydi haydovchilardan biri Davlatjon Hamidov. –Hozir qiyinchiliksiz o‘tyapmiz.

–Biz Xorazmdanmiz. Ziyorat va dam olish uchun keldik. Lekin kelishdan oldin xavotirga tushgan edik, – deydi sayyoh Zuxra Sharipova. –Prezidentimizga rahmat, chegarani 24 soat ishlaydigan qilib qo‘ygani uchun. Qiynalmasdan oson o‘tdik.
Bunday yengilliklarning asosli sabablari bor edi.

–Bir kunda “Oqqiya” bojxona punktidan 6500-7000 ming fuqarolarga xizmat ko‘rsatib kelyapmiz. 24 soat ishlashga o‘tishimiz munosabati bilan shaxsiy tarkibimiz soni oshirilib, qo‘shimcha texnik vositalar ajratildi, – deydi “Oqqiya” o‘tish-nazorat punkti bojxona xizmati rahbari Doniyor G‘aniyev.
Ha, bu Shohimardonga kiraverishning O‘zbekiston hududidagi “Oqqiya” posti manzaralari edi.

Telefonda olingan bu tasvirlar esa undan 10-15 metr quyida, Qirg‘iziston respublikasi hududidagi “Oqqiya” chegara nazorat-o‘tkazish punkti ko‘rinishlaridir. Shaxsan, men va tasvirchimiz Qirg‘iziston chegara punkitiga kirish uchun bir yarim soat, chegara hududida ro‘yxatdan o‘tish uchun yana bir soat vaqt sarflardik. Ammo Qirg‘iziston hududida jurnalistik faoliyat yuritishga ruxsatnomamiz yo‘qligi uchun ulardan izoh so‘ray olmadik. O‘zbekistonning aynan shu yerdagi chegara punkti tunu-kun uzluksiz ishlaydigan bo‘lgach, yuqorida aytilganidek, qo‘shimcha ish o‘rinlari ochilib, mas’ul mutaxassis va texnik vositalar ajratilgan. Qirg‘izistonlik chegarachilar bilan norasmiy suhbatimizda ular ta’kidlashicha, ish vaqti 24 soatga o‘tkazilgan-u, lekin...

Siz ikkilanmay Shohimardonga dam olgani kelavering. Har xolda ikki davlat chegara o‘tkazish-nazorat punktlari tunu-kun uzluksiz ishlaydi. O‘zbekiston chegara – nazorat punktlarida esa muammoingiz bo‘lmaydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/MQ_K9voTN38?si=8L7VDRMkiPfeubMc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA