Shifo eshik qoqadi: “Salomatlik poyezdi” yo‘lda
Inson salomatligi — eng katta boylik. Biroq barcha hududlarda ham malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati birdek emas.
Shu bois aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash va tibbiy yordamni olis manzillarga yetkazishda “Salomatlik poyezdi” kabi tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etadi.
Chorak asrdan buyon mamlakatning olis hududlarida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatib kelayotgan “Salomatlik” poyezdi 5 ta maxsus vagondan iborat mukammal tizimdir. Uning tarkibida, 2 ta ambulatoriya, 1 ta flyuorografiya, 1 ta avtonom dizel va bitta tibbiyot xodimlari uchun dam olish vagonlari mavjud.
Bugungi kunda poyezd eng zamonaviy UTT, EKG, raqamli flyuorografiya va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Brigada tarkibidagi tajribali terapevt, nevropatolog, pediatr, ginekolog, endokrinolog, dermatolog va stomatologlar olis ovullardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2000-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati mas’ullariga tibbiy poyezd g‘oyasi taklifi berildi. Qisqa fursatda zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanib, shifokorlar brigadasi shakllantirildi. Sharafli karvon “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning tegishli farmoyishiga asosan, 2001-yil 1-iyun kuni o‘zining ilk qatnovini boshladi.
Mazkur tashabbusning yo‘lga qo‘yilganligiga 25 yil bo‘ldi. Xalq orasida “najot karvoni” nomini olgan poyezd jamoasi yozning jaziramasi va qishning sovug‘ida ham o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Eng muhimi bu kabi tashabbuslar tibbiy yordamga ehtiyojmand insonlarga e’tiborni kuchaytirish, ular uchun zarur xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA