SHHTning 25 yilligi: Bishkek sammiti oldidan yangi vazifalar va hamkorlik istiqbollari
Jahonda geosiyosiy jarayonlar tobora murakkablashib, xalqaro munosabatlar tizimida yangi tendensiyalar shakllanayotgan bugungi sharoitda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday sharoitda 25 yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning muhim platformalaridan biri sifatida o‘zining nufuzi va amaliy salohiyatini tobora namoyon etmoqda.
Tashkilot 2001-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab olti davlatni birlashtirgan edi. Bugun esa SHHT tarkibida o‘nta davlat – O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Hindiston, Pokiston, Eron va Belarus bor.
SHHTning 25 yillik yubileyi munosabati bilan tashkilotga raislik qilayotgan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 31-avgust – 1-sentabr kunlari davlat rahbarlarining navbatdagi sammiti o‘tkaziladi. Asosiy yig‘ilish 1-sentabrga belgilangan.
Shu tariqa, Bishkek bir necha kun davomida nafaqat SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarini, balki xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlar vakillarini ham bir maydonga jamlaydi. Bu esa yubiley sammitining siyosiy va amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.

25 yillik taraqqiyot: xavfsizlikdan keng qamrovli hamkorlik sari
SHHTning chorak asrlik taraqqiyot yo‘liga nazar tashlasak, tashkilotning vazifa va maqsadlari izchil kengayib borganini ko‘rish mumkin.
Dastlab chegara hududlarida o‘zaro ishonch va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik bugun savdo-iqtisodiy aloqalar, transport-kommunikatsiya, energetika, investitsiya, raqamli iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va gumanitar sohalarni qamrab olgan keng ko‘lamli sheriklikka aylandi.
Ayni paytda SHHT oldidagi vazifalar ham o‘zgarib bormoqda. Tashkilot kengaygani sari unga a’zo davlatlarning umumiy manfaatlarini uyg‘unlashtirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va amaliy hamkorlik samaradorligini oshirish masalalari yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qirg‘izistonning 2025-2026-yillardagi raisligi ham ana shu ustuvor vazifalarga qaratilgan. SHHTning rasmiy ma’lumotlarida ta’kidlanganidek, joriy yil tashkilotning 25 yilligi bilan bog‘liq muhim tadbirlar yili bo‘lmoqda.

Bishkek sammiti: yangi maqsadlar sari qadam
Bishkekdagi sammit SHHTning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lish bilan birga, tashkilotning yubiley yilidagi eng muhim siyosiy tadbir sifatida qaralmoqda.
Sammit kun tartibidan davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport va energetika loyihalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilish kabi yo‘nalishlar o‘rin olishi kutilmoqda.
24-iyul kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan SHHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ham davlat rahbarlarining navbatdagi sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Unda Bishkek deklaratsiyasi va qator mavzuli bayonotlar loyihalari ma’qullangan.
Bu holat sammit kun tartibi va uning yakuniy hujjatlari bo‘yicha tayyorgarlik ishlari allaqachon so‘ngi bosqichga kirganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi: SHHT doirasidagi muhim omil
O‘zbekiston uchun Bishkek sammiti yana bir jihatdan muhim. Mamlakatimiz SHHTning asoschilaridan biri sifatida tashkilotning shakllanishi va rivojida faol ishtirok etib kelmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari ham strategik sheriklikning yangi bosqichida izchil rivojlanmoqda. Siyosiy muloqotning yuksak darajasi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, energetika, raqamli texnologiyalar, ta’lim va boshqa sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivoji SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik jarayonlari bilan hamohang kechmoqda.
Xususan, mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlar nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan, Bishkek sammiti O‘zbekiston uchun SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, mamlakatimizning amaliy tashabbuslarini ilgari surish va Xitoy bilan strategik sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lishi mumkin.
Xavfsizlik va barqarorlik – umumiy maqsad
SHHT tashkil etilgan dastlabki davrdan buyon xavfsizlik masalalari uning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Bugun terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, narkotrafik va kiberxavfsizlik bilan bog‘liq tahdidlar transchegaraviy xususiyat kasb etmoqda. Shu bois davlatlar o‘rtasida axborot almashinuvi, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlik va xavfsizlik sohasidagi qo‘shma mexanizmlarni yanada takomillashtirish muhim.
SHHTning yondashuvi esa nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, kelishmovchiliklarni muloqot va maslahatlar orqali bartaraf etish, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash tamoyillariga asoslanadi.
Bishkek sammitida ham xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va tinch taraqqiyot uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan yondashuvlar muhim o‘rin egallashi kutilmoqda.
Global boshqaruv: SHHTning yangi mas’uliyati
Bugun dunyoda iqtisodiy va siyosiy markazlar ko‘payib, global Janub mamlakatlarining xalqaro jarayonlardagi roli ortib bormoqda. Bunday sharoitda ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish va xalqaro munosabatlarda tenglik hamda o‘zaro manfaat tamoyillarini mustahkamlash zarurati kuchaymoqda.
SHHT ham ana shu jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida o‘z salohiyatini namoyon etmoqda. Tashkilotning ochiqlik, o‘zaro hurmat, tenglik, ishonch va manfaatlarni hisobga olishga asoslangan “Shanxay ruhi” bugungi murakkab xalqaro vaziyatda o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, “SHHT+” formati orqali hamkorlik doirasining kengayishi tashkilotning xalqaro muloqotdagi o‘rnini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Bishkekdan kutilayotgan muhim qadamlar
SHHTning 25 yillik yubiley sammiti tashkilot taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab berishi kutilmoqda.
Eng avvalo, a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va xavfsizlik sohasidagi sheriklikni yanada kuchaytirishga qaratilgan qarorlar muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston uchun esa bu jarayon mamlakatimizning mintaqaviy hamkorlikdagi faol ishtirokini yanada kuchaytirish, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, transport-kommunikatsiya imkoniyatlarini rivojlantirish hamda Xitoy bilan strategik sheriklikni yangi amaliy loyihalar bilan boyitish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir.
Bishkek 2007, 2013 va 2019-yillarda ham SHHT davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishlariga mezbonlik qilgan. Endi Qirg‘iziston poytaxti tashkilotning 25 yillik yubiley sammiti arafasida yana bir bor Yevrosiyoning yirik siyosiy muloqot maydoniga aylanmoqda.
Shubhasiz, bu galgi uchrashuvda ham davlatlar o‘z manfaatlarini o‘zaro hurmat va ishonch asosida uyg‘unlashtirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim tashabbuslarni ilgari suradi.
Zero, SHHTning 25 yillik taraqqiyot tajribasi bir haqiqatni ko‘rsatmoqda: bugungi murakkab dunyoda barqaror kelajakka eltuvchi eng muhim omillardan biri o‘zaro ishonch, teng manfaat va amaliy hamkorlikdir.
Nilufar Bozorova, O‘zA