«She’riyat davrasi» adabiy tadbiri o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan boshlangan «Xonatlas-2024» ma’rifiy loyihasi mamlakatimizning shahar va qishloqlari, mahallalari, oliy ta’lim dargohlari, mehnat jamoalarida faol davom etmoqda.
Mazkur festival munosabati bilan poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida milliy liboslar bayrami hamda «She’riyat davrasi» adabiy tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, taniqli shoira Farog‘at Xudoyqulova, adiba Dilfuza Qarshiboyeva milliy an’ana va qadriyatlarimiz bardavomligini saqlash mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Mushoirada jonajon O‘zbekistonimiz, mustaqilligimiz, mehr-muhabbatni ulug‘lovchi she’rlar yangradi.
«Xonatlas» ma’rifiy festivaliga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mehnat qilayotgan zahmatkash opa-singillarimiz ham qo‘shilgani e’tiborga molikdir.


Shu kunlarda ziyo maskanida milliy an’ana va qadriyatlarimizning ahamiyati, ularning bardavomligini ta’minlash borasida taqdimotlar, she’riyat kechalari bo‘lib o‘tmoqda. Bu kabi tadbirlar bebaho qadriyatlarimizning mohiyatini yosh avlodga to‘g‘ri tushuntirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
N.Usmonova, O‘zA