Sherali Jo‘rayevni yodga olib...
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Infolib O‘zbekiston – 2023" kitobxonlik haftaligi doirasida milliy musiqa san’atimiz darg‘asi, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasiga bag‘ishlab, “Bir qo‘shiq kuylayki...” deb nomlangan ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Xotira tadbiriga san’at muxlislari, kitobxonlar, ijodkor ziyolilar, xonandaning yaqinlari taklif etildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev san’atimizda milliylikni saqlab qola olgan, millionlab muxlislar qalbidan chuqur joy olgan xonanda ekanini ta’kidladi.
– 2016 yilda mashhur san’atkorimiz kutubxonamizga Navoiyxonlik kechasiga kelib, maskanimizga “Hazrat Navoiyning uyi” deya go‘zal ta’rif bergan edilar, – dedi Umida Teshaboyeva. – Kutubxonamizda Sherali Jo‘rayev ijodiga oid gramplastinkalar, san’atkor faoliyati, ijodiga oid turli nashrlarda chiqqan materiallar, kitoblar saqlanadi. Darhaqiqat, chinakam san’at xalq qalbida mangu qolar ekan.

– San’atkor ijodi bilan bog‘liq “Bir qo‘shiq kuylayki..." nomli kitobning taqdimoti shu yil may oyida bo‘lib o‘tdi, – dedi jurnalist va yozuvchi Maqsud Jonixonov. – Sherali akaga 1998 yildan beri “Siz haqingizda kitob chiqaraylik” deb aytib kelardim. Sira ko‘nmasdilar, bu ham san’atkorning nechog‘lik kamtarin inson bo‘lagini anglatadi. Kitobni juda kam tirajda – 500 nusxada chop etdik. Kelgusida uni yana ko‘proq adadda nashr etishni rejalashtirganmiz. Sherali Jo‘rayev insoniylik, ijod va ibodatda juda mukammal edilar. Mumtoz she’riyatni, milliylikni ulug‘lovchi ijodkor edilar. Ana shu jihatlar bilan birga u kishining shoirlik, ham bastakorlik qirralarini kitobda ochib berishga harakat qildik.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti Hasanxon Abdumajidovning fikricha, Sherali Jo‘rayev mumtoz adabiyotimiz, ayniqsa, Navoiy ijodini, mumtoz musiqamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelgan ijodkor edi.
– Sherali Jo‘rayev Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasini madhiyadek kuylardi, – dedi taniqli navoiyshunos olim Sultonmurod Olimov. – San’atkor Abdulla Oripov, Erkin Vohidovning ijodini qo‘shiq orqali xalqqa yetkaza olgan ijodkordir. Uning Vataniga, xalqiga sodiqligiga, sabriga, matonatiga qoyil qolganmiz.

– 1968 yili plastinkada “Bog‘bon qiz” hamda “Uxlasin” qo‘shiqlari chiqqandi, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Elmurod Islomova. – Sherali Jo‘rayev o‘sha qo‘shiqlari bilan hammani larzaga keltirgan edilar. Sherali akani o‘zimga yaqin olib, “Tog‘a” deb chaqirardim. Ular bilan 1973 yilda tanishdik, shundan keyin ko‘p yillar birgalikda ijod qildik. Bundan 34 yil avval o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidek jarayonlar Sherali akadek insonlarning ishtiroki bilan bog‘liq. “O‘zbegim” qasidasini ijro etganlarida odamlar tik turib olqishlagan edilar. O‘shanda ularning ko‘zlarida yosh qalqiganlarini ko‘rganman. Chindan ham Sherali Jo‘rayev san’atkorlarning sardori edi.
Darhaqiqat, Sherali Jo‘rayev xalqimizning eng ardoqli xonandalaridan biri edi. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston, Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev 2022 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. Uning yuzlab qo‘shiqlari dunyoning turli chekkalarida yangragan.

– Otamizni eslab kelganingiz uchun barchangizga tashakkurlar aytaman, — dedi san’atkorning farzandi Shohjahon Jo‘rayev. – Kitoblari chiqqanida otam juda xursand bo‘lgan edilar. Kitob taqdimotini Samarqandda ham o‘tkazmoqchi edik. Afsuski, nasib etmadi. Kelgusida bu niyatni amalga oshirish rejamiz bor. Otamiz Mustaqillik, Navro‘z kabi bayramlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan katta konsertlarda ishtirok etishlarini orzu qilardik. Biz yigirma yil sabr qildik. 2016 yilda shu dargohdagi Hazrat Navoiy tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan tadbirda qatnashdilar. “O‘zbegim” qo‘shig‘i bilan yana katta sahnaga qaytdilar. O‘sha kuni uyimizda bayram bo‘lib ketgandi. Shunday e’tibor uchun Prezidentimizdan juda minnatdormiz.
Garchi bir oz mahzun bo‘lsa-da, xotira tadbiri juda samimiy, jonli ruhda o‘tdi. Xonandaning ishtirokidagi videolavhalar namoyish etildi. Uning ibratli fazilatlari, hofiz bilan bog‘liq xotiralar, betakror ijodi yodga olindi. Qo‘shiqlari ijro etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri