Shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va ularga ishlov berishning alohida shartlari belgilandi
2026-yil 27-martda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun kuchga kirdi.
Mazkur qonunda nimalar nazarda tutilgan? Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov shu haqda gapirib berdi:
– Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, naqdsiz to‘lovlar ulushini oshirish, elektron tijoratni kengaytirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, onlayn to‘lov tizimlarini rivojlantirish, QR-kod orqali to‘lovlarni kengaytirish, mahalliy banklar va xalqaro to‘lov operatorlari o‘rtasida integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan qator huquqiy va tashkiliy choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga, amaldagi ayrim qonun normalari xalqaro to‘lov tizimlarining mamlakatimiz bozoriga kirib kelishini cheklayotgani, bu esa raqamli iqtisodiyot rivojiga ayrim to‘siqlarni keltirib chiqarayotgani kuzatildi.
Jumladan, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ish, saqlash va qayta ishlash asosan respublika hududida joylashgan serverlarda amalga oshiriladi.
Ushbu talab shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, amaliyotda u ayrim salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Xususan, xalqaro onlayn to‘lov tizimlari va internet platformalari O‘zbekiston bozoriga kirishda to‘sqinlik qilib, elektron tijorat sohasida raqobat muhiti cheklanmoqda. Natijada aholi va tadbirkorlar zamonaviy, qulay va xavfsiz xalqaro to‘lov xizmatlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda.
Mazkur masala xalqaro darajada ham qayd etilgan. Jumladan, AQSH Davlat departamentining 2025-yil uchun O‘zbekistonda investitsiya iqlimiga oid bayonotida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun normalari xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari faoliyatini sezilarli darajada cheklayotgan omil sifatida ko‘rsatilgan.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda dunyoda eng keng tarqalgan onlayn va kontaktsiz to‘lov xizmatlaridan biri – “Google Pay” tizimidir. Ushbu tizim 2011-yilda Google kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi kunda 97 davlatda faoliyat yuritadi va 150 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega.
E’tiborli jihati shundaki, “Google Pay” Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qozog‘iston, Qirg‘iz va Tojikiston Respublikalarida muvaffaqiyatli joriy etilgan. Bu esa mintaqadagi raqamli to‘lov infratuzilmasining jadal rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Biroq, O‘zbekiston fuqarolari mazkur tizimdan foydalanishi uchun o‘z shaxsiga doir ma’lumotlari, jumladan, familiyasi, ismi, bank kartasi rekvizitlari, yashash manzili va boshqa ma’lumotlarni tizim asoschisi bo‘lgan xorijiy kompaniyaga taqdim etishi talab etiladi. Ushbu ma’lumotlar esa O‘zbekiston hududidan tashqarida joylashgan serverlarda saqlanadi. Zotan, bu holat amaldagi qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.
Buning oqibatida mamlakatimiz aholisi va tadbirkorlari xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanishda cheklovlarga duch kelmoqda. Birinchidan, elektron tijorat va raqamli xizmatlar bozorining o‘sishi sekinlashmoqda. Ikkinchidan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, ayniqsa dasturiy ta’minot, axborot tizimlari va raqamli mahsulotlar yaratish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar xorijiy buyurtmachilardan to‘lovlarni rasmiy kanallar orqali qabul qila olishmayapti. Uchinchidan, to‘lovlarni “aylanma yo‘llar” orqali amalga oshirish amaliyoti kengayib, bu “yashirin iqtisodiyot” hajmini oshirish xavfini keltirib chiqarmoqda. To‘rtinchidan, xorijiy turistlar uchun naqdsiz to‘lov xizmatlarining cheklanganligi mamlakatning turistik jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Sohadagi shu kabi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonun bilan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy tarzda saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar ro‘yxati aniq belgilandi. Bunda, biometrik va genetik ma’lumotlar hamda telekommunikatsiya operatorlari xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarga oid ma’lumotlar alohida toifa sifatida belgilandi.
Boshqa turdagi shaxsga doir ma’lumotlarni chet elga uzatish, ularni qayta ishlash va saqlash uchun aniq talablar kiritildi. Jumladan, xorijiy davlatlarda ma’lumotlar xavfsizligini yetarli darajada ta’minlash, vakolatli davlat organi talablariga rioya etish, xalqaro axborot xavfsizligi standartlarini joriy qilish belgilandi.
Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlaydigan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolatini berish nazarda tutildi.
Qonun mamlakatimizda elektron tijorat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni mustahkamladi. Endilikda xalqaro to‘lov tizimlari va internet platformalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi osonlashadi. Aholi va tadbirkorlar uchun zamonaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi. “Yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish, shuningdek, xorijiy turistlar uchun qulay to‘lov muhiti yaratiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA