Shaxmatchilarimiz munosib qatnashmoqda
Gretsiyada shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi jahon chempionati davom etmoqda. Mazkur nufuzli musobaqada yuzdan ziyod davlatdan 1 ming 600 dan ortiq shaxmatchi bahslashmoqda.
Gretsiyada shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi jahon chempionati davom etmoqda. Mazkur nufuzli musobaqada yuzdan ziyod davlatdan 1 ming 600 dan ortiq shaxmatchi bahslashmoqda.Shveytsarcha tizimda o‘n bir turdan iborat musobaqalarning yettinchi turi yosh shaxmatchilarimiz uchun omadli keldi. O‘n ikki yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida mag‘lubiyatsiz o‘ynayotgan hamyurtimiz, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov yettinchi partiyada ozarbayjonlik Muhammad Murodlini mag‘lubiyatga uchratdi. Nodirbek hozircha 6,5 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
Nodirbekning opasi Bahora Abdusattorova ham musobaqada mag‘lubiyatsiz dona surmoqda. O‘n olti yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi bahslarda qatnashayotgan Bahora yettinchi turda kanadalik Kiyu Jou bilan durang o‘ynadi va ochkolarini oltitaga yetkazib oldi.
Shaxmatchilarimizdan Shamsiddin Vohidov o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida ukrainalik Kirill Shevchenko bilan durang o‘ynadi. Islombek Sindorov sakkiz yoshgacha o‘g‘il bolalar bahsida qozog‘istonlik Aldiyor Ansatni, Nodirabegim Parpiyeva o‘n sakkiz yoshgacha qizlar o‘rtasida polshalik Mariola Vozniakni yengdi.
Ettinchi turda o‘z yosh toifasida Muzaffar Eminjonov serbiyalik Ilya Stanojevichni, Leyla Kim qozog‘istonlik Darina Baydalinovani, Ruxshona Rahimberdiyeva Shri-lankalik Javindi Akuratiyani mag‘lub etdi. Abdumalik Abdusalimov gollandiyalik Maks Varmerdam bilan, Asal Salimova rossiyalik Yuliya Grigoriyeva bilan, Yuliya Xegay jazoirlik Lina Nasr bilan durang o‘ynadi.