Shaxmatchi yoshlarimiz bugun Osiyo chempionatida ilk tur o‘yinlarini o‘tkazadi
Bugun, 29-may kuni Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Osiyo chempionati musobaqasining ilk tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
FIDE taqvimidan o‘rin olgan mazkur musobaqaning ayollar bahslarida Afro‘za Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Guldona Karimova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Madinabonu Xalilova va Asal Salimova, erkaklar musobaqasida Abdumalik Abdusalimov, Humoyun Bekmuratov, Ortiq Nigmatov, Saidakbar Saidaliyev ishtirok etmoqda.
Kecha mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat qit’a birinchiligiga qur’a tashlandi.
Bugun kun davomida o‘tadigan dastlabki tur o‘yinlarida hamyurtlarimizdan Afruza Hamdamova oq donalarda mo‘g‘ulistonlik Bayarsaixan Xulan bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Gulruhbegim Tohirjonova, Guldona Karimova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Madinabonu Xalilova va Asal Salimova ilk o‘yinda mezbonlar vakillariga qarshi dona suradi.

Shaxmatchi yigitlarimizdan Abdumalik Abdusalimov 1-turda oq donalarda tojikistonlik Alisher Karimov, Humoyun Bekmuratov qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida chempionatda qatnashayotgan Viktor Kotsyuba, Ortiq Nigmatov qora donalarda yaponiyalik Sho Moritani, Saidakbar Saidaliyev qora donalarda nepallik Rupesh Jasval qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Aytish lozim, 9 ta turdan iborat chempionatda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 5 nafar shaxmatchi, ayollar o‘rtasida 1 nafar ishtirokchi 2027-yilgi Jahon kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Jahon kubogida ishtirok etish esa o‘z-o‘zidan kelgusida jahon shaxmat toji uchun kurashish imkoniyatini taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining erkaklar guruhida 28 ta mamlakatning 147 nafar, ayollar bahsida 17 ta davlatning 101 nafar shaxmatchi xotin-qizlari qatnashmoqda.
Musobaqalar 6-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA