Shaxmat: Yuksalishning yangi davri boshlanmoqda
Ortda qolgan 2024 yil mamlakatimiz shaxmatchilari uchun sermahsul davr bo‘lgani bilan alohida ajralib turadiki, bu, erishilgan natijalarda, yurtimizda va xorijiy davlatlarda kechgan murosasiz “aql janglari”dagi ko‘rsatkichlarda o‘z aksini topdi.
Xo‘sh, o‘tgan yil davomida yurtimizda qancha shaxmat musobaqasi o‘tkazildi-yu, o‘zbekistonlik shaxmatchilarning eng yuqori natijalari qaysi xalqaro musobaqalarda qayd etildi? 2025 yildagi ustuvor vazifalar nimalardan iborat bo‘ladi?
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining 2024 yil yakunlari va 2025 yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi. Anjuman avvalida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov, federatsiya bosh kotibi Bobur Sattorov yig‘ilganlarga o‘tgan yil davomida qilingan ishlar, joriy yilgi rejalar xususida axborot berib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ortda qolgan yil mamlakatimiz shaxmatchilari hayotida tub burilish davri bo‘ldi. Yil davomida federatsiya ijroiya qo‘mitasi tarkibi yangilandi. Hududlarda federatsiyaning bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishiga erishildi. Bu, o‘z navbatida musobaqalarning son va sifat ko‘rsatkichi jihatdan yaxshilanishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Yil davomida respublika darajasida 15 ta musobaqa yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lsa, ularning 6 tasi respublika, 9 tasi xalqaro darajadagi turnirlar. Bundan tashqari, vazirlik, idoralar va tashkilotlar bilan hamkorlikda 50 dan ortiq shaxmat turnirlari bo‘lib o‘tishi asnosida aholining katta qatlami shaxmat bilan qamrab olinishiga erishildi.
[gallery-21203]
O‘tgan yil O‘zbekistonda 3 ta FIDE hakamlari va 1 ta FIDE xalqaro tashkilotchilari seminarlari, 2 ta o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilgani ham yurtimiz dunyoning shaxmat markazlaridan biriga aylanib borayotganini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbarining shaxmatni yanada ommalashtirish, uning rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi ko‘rsatmalari asosida erishilgan ijobiy muvaffaqiyatlar tufayli Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida O‘zbekiston 203 ta davlat orasida 13-o‘rinni egalladi. Mamlakatimizda xalqaro grossmeysterlar soni 30 nafarga yetdi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Ortiq Nigmatov singari o‘nlab shaxmatchilarimiz xalqaro musobaqa va chempionatlar, turnirlarda sovrindorlar qatoridan joy oldi. Afruza Hamdamova yoshlar o‘rtasida jahon chempionligiga erishdi. Nodira Nodirjonova Butunjahon shaxmat olimpiadasida o‘z taxtasida 2-o‘rin sohibi bo‘ldi. Shaxmatchi yigitlarimiz ushbu olimpiadada bronza medaliga ega chiqdi. Bularning barchasi o‘zbek shaxmatida yuksalishning yangi davri boshlanayotganini anglatmoqda.
Mamlakatimizda shaxmatchilarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash, ularni seleksiya qilish, xalqaro grossmeysterlar ishtirokida mavsumiy oromgohlar tashkil etish maqsadida Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “To‘dako‘l” dam olish maskani hududida Xalqaro shaxmat maktabi barpo etilgani yilning o‘ziga xos voqeasi bo‘lgani e’tirof etildi.
Matbuot anjumanida shaxmatni umumta’lim maktablari ta’lim dasturiga kiritish bo‘yicha qilingan ishlar haqida ham axborot berildi. Bugungacha mamlakatimizdagi 11 mingga yaqin umumta’lim maktablarining har biriga 30 tadan shaxmat anjomlari yetkazib berish belgilangani, 2026 yil Samarqandda o‘tkazilishi kutilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ishlari, ushbu olimpiadada O‘zbekiston 3 ta erkaklar va 3 ta ayollar jamoalari bilan qatnashishi, xorijdagi o‘zbekistonlik shaxmatchilar bilan o‘rnatilayotgan aloqalar, malakali murabbiylarni tayyorlash masalalariga mutasaddilar atroflicha to‘xtaldi.
Shaxmat klublarining keng faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, 2025 yildan e’tiboran viloyatlarda ham O‘zbekiston chempionatlarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, 13 yanvardan Andijonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida boshlanadigan O‘zbekiston chempionatining tashkiliy ishlari, mukofot jamg‘armasi kabi masalalar ko‘tarildi.
Anjuman yakunida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi 2024 yilning eng yaxshilarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov erkaklar o‘rtasida, Afruza Hamdamova ayollar o‘rtasida yilning eng yaxshi shaxmatchisi, Aleksey Dreyev yil murabbiyi, Ortiq Nigmatov yil kashfiyoti, Anton Kim – yil sharhlovchisi, Shamsiddin Vohidov – yilning eng yaxshi shaxmat o‘yini sohibi bo‘ldi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA