Shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik qizg‘in
Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, III Parashaxmat olimpiadasi va Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning 97-kongressiga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Ayni paytda musobaqalar o‘tkaziladigan pavilonlarda so‘nggi tayyorgarlik ishlari bajarilmoqda.
Olimpiadaga kompleks tayyorgarlik ko‘rish uchun tuzilgan maxsus tashkiliy qo‘mita FIDE bilan hamkorlikda belgilangan tartibda olimpiada bilan bog‘liq barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Belgilangan sport inshootlari tashkilot xalqaro standartlariga moslashtirilib, barcha vazifalar ijrosi joyida o‘rganilib, musobaqa mas’ullari bilan nazorat qilinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 10-sentabridan boshlanishi ko‘zda tutilgan parashaxmat olimpiadasi o‘tkaziladigan joyda tayyorgarlik jarayoni musobaqa bosh hakami, serbiyalik xalqaro toifadagi shaxmat hakami Neboysha Baralich hamda boshqa mas’ullar ishtirokida nazorat qilib borilmoqda.
– Samarqandda o‘tkazilayotgan navbatdagi shaxmat olimpiadasi ham avvalgilari kabi yuqori saviyada o‘tishiga ishonaman, – deydi musobaqa bosh hakami Neboysha Baralich. – Mahalliy mas’ullar FIDE bilan hamkorlikda barcha tashkiliy masalalarni yuqori sur’atda olib borishmoqda. Musobaqa o‘tkaziladigan joylarni bevosita ko‘zdan kechirib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildik. O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor mana shunday yuksak saviyadagi xalqaro musobaqani o‘tkazishga zamin yaratdi. O‘ylaymanki, mezbon jamoa ishtirokchilarining olimpiadadagi ishtiroki ham shunga munosib tarzda muvaffaqiyatli bo‘ladi, albatta.
[gallery-31315]
FIDE taqvimiga ko‘ra, joriy yilning 10-sentabridan parashaxmat musobaqalariga start beriladi va shu kuni ochilish marosimi o‘tkaziladi. O‘yinlar 11-sentabrdan boshlanadi. Butunjahon shaxmat olimpiadasining ochilish marosimi esa 15-sentabr kuni Registon maydonida o‘tkazilishi va musobaqalar 16-sentabrdan boshlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, olimpiada doirasida FIDE kongressi va tashkilot prezidentligiga saylovlar o‘tkazilishi belgilangan.
Olimpiadada dunyoning 200 ga yaqin davlatidan terma jamoalar ishtirok etishi kutilmoqda. O‘zbekiston mezbon mamlakat sifatida reglamentga muvofiq erkaklar va ayollar o‘rtasida 3 tadan tarkib (jamoa) bilan ishtirok etadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari