Shaxmat musobaqasi o‘tkazildi
Andijonda ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa korxonalari xodimlari hamda faxriy jurnalistlar o‘rtasida shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (T) ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi hamda “Hamkorbank” aksiyadorlik tijorat banki hamkorligida tashkil etilgan musobaqa haqiqiy shaxmat bayramiga aylandi.
– Mamlakatimizda e’lon qilingan shaxmat oyligi doirasida tashkil etilgan musobaqada soha vakillari katta qiziqish bilan ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi raisi Nazirjon Saidov.
– Musobaqa Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarori ijrosini ta’minlash, qolaversa, shaxmatning ommaviyligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Erkaklar va ayollar o‘rtasida olimpiya tizimida o‘tkazilgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Iqbol” gazetasi jamoatchi muxbiri Hadyatullo Sobirxo‘jayev birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin “Jalaquduq hayoti” gazetasi xodimi Otabek Shokirovga, uchinchi o‘rin faxriy jurnalist Ashurali Mamatovga nasib etdi. Ayollar o‘rtasidagi bahslarda “Tasviriy oyna” uyushmasi viloyat bo‘limi xodimasi Munisaxon Sulaymonova birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
– Ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida shaxmat musobaqasi tashkil etilgani yaxshi bo‘ldi, – deydi musobaqa g‘olibi Hadyatullo Sobirxo‘jayev. – Ushbu musobaqa soha xodimlarini yanada jipslashtirdi, eng asosiysi, shaxmatning ommaviyligini oshirishga qaratilgan e’tibor men kabi shaxmat ixlosmandlarini xursand qildi.
Tajribali ustozlar bilan tosh surish, musobaqada g‘olib bo‘lish oson kechmadi, albatta. Yosh bo‘lsam-da, g‘oliblik uchun astoydil harakat qildim. Ushbu muvaffaqiyat meni yangi yangi marralar sari undaydi.
G‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilarining faxriy yorlig‘ hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng yosh shaxmatchi”, “Eng faol shaxmatchi”, “Eng yoshi ulug‘ shaxmatchi” singari nominatsiyalar bo‘yicha ham bir guruh ishtirokchilar rag‘batlantirildi.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA