Shaxmat musobaqasi g‘oliblari aniqlandi
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan “To‘dako‘l” xalqaro shaxmat maktabida “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” doirasidagi “Challengers Open” va “Challengers Women” yo‘nalishlari bo‘yicha shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda sportning aql-zakovatni charxlovchi turlarini ommalashtirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etayotganini alohida ta’kidladi.
To‘qqiz turdan iborat bo‘lgan musobaqa davomida respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan iqtidorli shaxmatchilar o‘zaro kuch sinashib, har bir partiyada yuksak mahorat, puxta tayyorgarlik va strategik fikrlash qobiliyatini namoyon etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida eng kuchli ishtirokchilar aniqlandi.
Jumladan, “Challengers Open” yo‘nalishida 1-o‘rinni Xadiyatullo Muhamedov (Toshkent shahri), 2-o‘rinni Bilolxo‘ja Hasanov (Sirdaryo viloyati) va 3-o‘rinni Akbar Yoqubboyev (Xorazm viloyati) qo‘lga kiritdi.
“Challengers Women” yo‘nalishida esa 1-o‘rinni Mohinur Habibullayeva (Toshkent viloyati), 2-o‘rinni Oksana Slapoguzova (Surxondaryo viloyati) va 3-o‘rinni Odina Olimova (Toshkent shahri) egalldi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi natija qayd etgan ishtirokchilar yirik pul mukofotlari, qimmatbaho sovg‘alar hamda tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-30502]
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari