Shaxmat: Ikki nafar vakilimiz jahon chempionligiga yaqin
Serbiyaning Vrnyachka-Banya shahrida 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan FIDE jahon chempionatining blits yo‘nalishida dastlabki 6 tur o‘yinlari yakunlandi.
Bugun, 20-aprel kuni 40 ta davlatdan 450 nafardan ziyod sportchi ishtirok etayotgan mazkur musobaqaning so‘nggi 7–11-tur bahslari bo‘lib o‘tadi va g‘oliblar nomi aniqlanadi.
Hal qiluvchi bahslar oldidan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Muhammadyusuf Bahromov 6 ochko bilan (8 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida) va Muhammadzohid Suyarov 5,5 ochko bilan (18 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida) o‘z guruhlarida turnir jadvalini boshqarib bormoqda.

Shuningdek, o‘z yosh toifalarida Afruza Hamdamova, Komiljon Murtazayev, Humoyun Bekmurodov, Farzonabonu Bozorova hamda Husnoraxon Husniddinova 2-o‘rinni egallab turibdi va chempionlik uchun asosiy da’vogarlar qatorida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Serbiyadagi mazkur nufuzli chempionatning rapid yo‘nalishida hamyurtimiz Afruza Hamdamova 8,5 ochko jamg‘arib, navbatdagi jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
T. RO‘ZIEV, O‘zA