“Sharq marvaridi – 2026” doirasida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda “Sharq marvaridi – 2026” ot poygasi musobaqalari va ko‘rgazmali chiqishlari doirasida “Axalteke tulpori – xalqlar do‘stligi ramzi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda jami 250 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi rahbariyati, xorijiy davlatlar ot sporti federatsiyalari vakillari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari, ilmiy-akademik doira mutaxassislari, soha olimlari, tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiya davomida yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish, milliy an’analarni asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon G‘oziyev o‘z ma’ruzasida axalteke zotining tarixiy ahamiyati, uning xalqaro maydondagi o‘rni hamda sohani yanada taraqqiy ettirish istiqbollari xususida fikr bildirdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA