SHARH: Dunyoda ahvol qanday? Oʻzbekistonda-chi?..
Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyo miqyosida 200 million nafargacha odamlar ishsiz qolishi, ishchilar daromadlaridagi yoʻqotishlar esa 3,4 trillion AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyo miqyosida 200 million nafargacha odamlar ishsiz qolishi, ishchilar daromadlaridagi yoʻqotishlar esa 3,4 trillion AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
Ammo hozirning oʻzida shu narsa maʼlumki, keltirilgan raqamlar koʻriladigan zarar koʻlamini toʻlaqonli ifoda eta olmaydi. “Jahon savdosi esa 13 foizdan 32 foizgacha pasayishi kutilmoqda, chunki COVID-19 pandemiyasi dunyodagi normal iqtisodiy faoliyat va hayotni buzadi“, deyiladi Jahon savdo tashkiloti hisobotida. Jahon savdo tashkilotining pasayishi boʻyicha prognozlarning keng doirasi misli koʻrilmagan epidemiologik inqiroz, shuningdek, uning iqtisodiy oqibatlari boʻyicha noaniqlik bilan izohlanadi. Tashkilot bosh direktori Roberto Azevedoning aytishicha, 2021-yilda iqtisodiy tiklanish imkoniyatini baholash ham qiyin — barchasi pandemiyaning rivojlanish kursi va uning davomiyligiga, shuningdek, hokimiyatning samaradorligiga bogʻliq.
COVID-19 pandemiyasining global taʼsiri dunyodagi favqulodda tibbiy-sanitariya doirasidan ancha chetga chiqib ketdi. Hozirda kelajagimizning barcha jabhalari – iqtisodiy, ijtimoiy, taraqqiyot sohalari va koʻpgina boshqa yoʻnalishlar jiddiy xavf ostiga tushib qoldi.
Pandemiya mehnat bozorlarining zaif joylarini ayovsiz ochib berdi. Ham yirik, ham kichik korxonalar faoliyati toʻxtab qoldi, ish vaqti qisqardi, xodimlar ishdan boʻshatilmoqda. Savdo markazlari va restoranlarning yopilishi, aviareyslarning va mehmonxona buyurtmalarning bekor qilinishi, korxona va tashkilotlarda masofadan turib ishlash rejimiga oʻtilishi koʻpchilikni kasod jarligi yoqasiga keltirib qoʻydi. Qolaversa, shundoq ham barqaror ishga ega boʻlmagan odamlar, yaʼni sotuvchilar, ofitsiantlar, oshxona xodimlari, yuk ortuvchilar, farroshlar kabi xodimlar birinchilardan boʻlib ishdan boʻshashiga toʻgʻri kelmoqda. Har besh kishidan bir kishi ishsizlik nafaqasiga ega boʻlish huquqida yashayotgan dunyoda millionlab kishilar uchun ishdan boʻshash halokatga teng holat. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ishbay ishchilar, mardikorlar va norasmiy savdogarlar ham shu ahvoldalar, zero ular ham oilalarini boqishi kerak. Natijada esa hamma jabr koʻrayapti: bu nafaqat virus tarqalishini tezlashtiradi, balki qashshoqlik va tengsizlikni yana-da kuchaytiradi. Insoniyat oldida millionlab ish joylari va korxonalarni saqlab qolishning imkoni bor, lekin buning uchun hukumatlar korxonalarning toʻxtovsiz ishlashini taʼminlaydigan, ishdan boʻshatishlarni oldini oladigan va zaif toifadagi xodimlarni himoyalay oladigan qatʼiy choralarni koʻrishi zarur boʻladi. Shuni aniq tushunishimiz kerakki, ular bugun qabul qilayotgan qarorlar uzoq muddatdagi jamiyat va iqtisodiyotning ahvolini belgilab beradi. Hozirgi vaqtda davom etayotgan keskin pasayish uzoqqa choʻziladigan retsessiyaga aylanib ketmasligi uchun ragʻbatlantiruvchi byudjet-moliya va kredit-pul siyosatini yuritish muhim ahamiyat kasb etadi.
Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol koʻrsatdi. Mavjud xatorlarga qaramay, koʻrilayotgan muhim chora-tadbirlar tufayli Oʻzbekistonda hayot barqaror surʼatda davom etmoqda. Hududlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz bahorning har bir kunini gʻanimat bilib, yaxshi niyat va ertangi kunga ishonch bilan qishloq xoʻjaligi ishlarini boshlab yubordilar. Strategik ahamiyatga ega boʻlgan sanoat korxonalarida, muhim qurilish maydonlarida ish kundalik reja asosida, karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda tashkil etilmoqda. Buning isboti oʻlaroq, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ichki talabni toʻliq taʼminlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi. Buning uchun barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda oʻz dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerak. Aks holda yaqin kelajakda ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash qiyin boʻlishi turgan gap. Shu bois oxirgi yillarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish boʻyicha qator qarorlar qabul qilindi, ayrim qonunlarga oʻzgartishlar kiritildi. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy boʻlinmalari, mahalla fuqarolar yigʻinlarida tomorqa bilan shugʻullanadigan alohida oʻrinbosar lavozimi joriy etildi. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil qilindi. Aholiga urugʻlik va koʻchat yetkazib berish, xizmatlar koʻrsatish boʻyicha 244 ta “Tomorqa xizmati” korxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 350 milliard soʻm ajratilib, Fermerlar kengashi huzurida jamgʻarma faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bir soʻz bilan aytganda, aholiga koʻmaklashadigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan va moliyalashtiradigan, oldin boʻlmagan tizim yaratildi. Videoselektorda ushbu tizimdan samarali foydalanib, tomorqalarda mahsuldorlikni oshirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi. Tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan omilkor insonlar tajribasini keng joriy qilish kerakligi aytildi. Misol uchun, Asaka, Oltinkoʻl, Namangan, Uychi, Angor, Jarqoʻrgʻon, Kitob, Toyloq, Samarqand, Yangiyoʻl, Zangiota, Oltiariq, Quva kabi tumanlardagi aksariyat tomorqalarda 2-3-marta hosil olinib, bitta oila 8-10 sotixli ekin maydonidan oʻrtacha 50-60 million soʻm, baʼzilar esa 100 million soʻm daromad qilyapti. Prezidentimiz bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3-marta ekin ekish va qoʻshimcha hosil olish birinchi darajali vazifa boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Xonadonlarda ixcham issiqxonalar qurish ham muhim. Bugungi kunda tomorqalarda jami 4 ming gektar yengil konstruksiyali issiqxonalar mavjud boʻlib, ularda yiliga uch marta hosil olishni yoʻlga qoʻyish mumkin. Shuning uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida har bir sektor hududida kamida 100 tadan xonadonda 1-1,5 sotixli issiqxonalar tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Tomorqa obodligi, albatta, suvga bogʻliq.
Oʻtgan yili joylarda 233 ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv taʼminoti yaxshilangan edi. Hozirda esa respublikamizning ayrim tumanlaridagi aksariyat qishloqlarida suv taʼminoti ogʻir boʻlib qolmoqda. Shu bois Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv taʼminoti yaxshi boʻlmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qoʻyildi. Qishloq xoʻjaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni oʻzlashtirib, kam taʼminlangan oilalarni band qilish boʻyicha tizim yaxshi samara bermoqda. Bunday kooperativlar faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamgʻarmasidan 50 milliard soʻm ajratilgan.
Yigʻilishda bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, kambagʻallikni va ishsizlikni kamaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Kooperativga aʼzo boʻlgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamgʻarmasidan mahsulot yetishtirish xarajatlari uchun 24 milliard soʻm subsidiya ajratiladi. Kam taʼminlangan, qarovchisi boʻlmagan oilalarga mevali koʻchatlar, sabzavot urugʻlari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qoʻyish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerakligi aytildi. Bu bejiz emas, albatta. Hozir sodir boʻlayotgan voqealar qandaydir oʻyin yoki kino emas. Jahonda virus yuqtirganlar soni bir yarim milliondan oshdi. Afsuski, bugun sodir boʻlayotgan voqealar har birimiz va butun insoniyat sivilizatsiyasi uchun real tahdiddir. Ammo epidemiya fonida sarosimaga tushmaslik juda muhim. Nima boʻlganda ham, biz ssenariyning turli rivojlariga tayyor turmogʻimiz kerak. Noxush ssenariy yana-da qatʼiy choralar koʻrilishini taqozo etadi, shu sababli bu narsa sodir boʻlmasligi uchun qoʻlimizdan kelgan barcha ishlarni qilishimiz kerak: prezident murojaatiga diqqat qilish, oʻz intizomimizni namoyon qilib,eng asosiysi — oʻzimiz va yaqinlarimiz uchun qoʻshimcha tahdidlar yaratmasligimiz kerak. Har qanday epidemiya hayotiy siklga ega: u tugʻiladi, oʻsadi va ketadi. Biz barchamiz birgalikda bu muammoni yenga olamiz va vaziyatdan gʻolib sifatida chiqamiz.
Tashpoʻlat MATIBAYEV,
xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati