Shamol eroziyasiga qarshi yashil yechim
Sirdaryo viloyatida Qozog‘iston va Tojikiston respublikalari bilan chegaradosh hududlarda shamol eroziyasi hamda chang-qum bo‘ronlarining salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida umumiy uzunligi 84 kilometr bo‘lgan "yashil devor" barpo etilmoqda. Loyiha doirasida bahorgi ko‘chat ekish mavsumida 13 mingga yaqin daraxt ko‘chati ekildi.
Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-martdagi "Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori asosida olib borilmoqda. Hujjatga muvofiq, chegaradosh hududlarda himoya o‘rmonzorlari va yashil belbog‘lar barpo etish, yer resurslarini muhofaza qilish hamda chang va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilangan.
– Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ekologik muvozanatni ta’minlash, "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan. Shu asosda Sirdaryo viloyatining Qozog‘iston va Tojikiston respublikalari bilan chegaradosh hududlarida "Yashil devor" barpo etish vazifasi yuklatildi. Bu loyiha shamol eroziyasi va chang-qum bo‘ronlarining salbiy ta’sirini kamaytirish bilan birga, chegaradosh hududlarda barqaror ekologik muhitni shakllantirishga ham xizmat qiladi, – deydi Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbari Oybek Irgashev.
[gallery-30169]
Loyihani amalga oshirish uchun Sirdaryo, Mirzaobod, Xovos va Oqoltin tumanlaridagi chegaradosh hududlardan jami 158,7 gektar yer maydoni ajratilib, viloyat hokimining qarori bilan Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufiga berildi. Ayni paytda ushbu hududlarning elektron xaritalari tayyorlanib, himoya o‘rmonzorlarini barpo etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Bahorgi ko‘chat ekish mavsumida Mirzaobod tumani chegara hududining 5,3 kilometr qismida "Yashil loyiha" instituti tavsiyalari asosida 6800 tup qayrag‘och, jiyda, tut va yasin ko‘chatlari ekildi. Sirdaryo tumanida esa avvalgi ekishlardagi bo‘sh joylarni to‘ldirish maqsadida 3,5 kilometr masofada qo‘shimcha 6100 tup, jumladan, 1900 tup tut va 4200 tup terak ko‘chati o‘tqazildi. Shu tariqa bahorgi mavsumda jami 13 mingga yaqin daraxt ko‘chati yerga qadaldi.
– "Yashil devor" shamol tezligini pasaytirish, chang va qum bo‘ronlari ta’sirini yumshatish, tuproq eroziyasining oldini olish, tuproqda namlikni saqlash hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, himoya o‘rmonzorlari atmosferadagi karbon gazini yutib, havo sifatini yaxshilash, bioxilma-xillikni asrash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga ham xizmat qiladi, – deydi Oybek Irgashev.
Ayni paytda viloyatda "Yashil devor" loyihasining keyingi bosqichlarini amalga oshirish, himoya o‘rmonzorlari maydonini kengaytirish hamda ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash ishlari reja asosida davom ettirilmoqda.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA